Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 8 noyabr kuni soat 23:12 da tumandagi «Navbahor» MFY Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FVBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 23:14 da voqea joyiga yetib borgan va yong‘in soat 23:38 da bartaraf etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida kiyim-kechak, maishiy texnika, chinni-chinovor va boshqa do‘konlarning 120 kv.m maydonda do‘kon jihozlari, mahsulotlari, shift va tom qismi yonib zararlangan.

«Qutqaruvchilar harakatlari natijasida yong‘indan imoratlarining 1500 kv.m. maydoni saqlab qolingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», — deyiladi xabarda.

Hozirda yong‘inni kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.