Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xonga u muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazilishini talab qilib, Lahordan poytaxt Islomobod tomon yo‘lga chiqqan norozilik avtokarvoniga yo‘lboshchilik qilib ketayotganida suiqasd uyushtirildi, deya xabar bermoqda BBC.

U rahbarlik qiladigan «Adolat uchun harakat» partiyasidan ma’lum qilishlaricha, to‘pig‘idan yaralangan siyosatchining ahvoli kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda barqaror edi.

Pokistonning Dawn gazetasi xabariga ko‘ra, hujum oqibatida yetti kishi yaralangan va bir kishi halok bo‘lgan. Hujum qilganlardan biri qo‘lga olingani aytilmoqda.

Norozilik yurishi o‘tgan juma kuni boshlangan edi. Namoyishlar doirasida Imron Xon har kuni yurish yo‘nalishida joylashgan shahar va qishloqlar aholisi oldida yuk mashinasining konteyneri ustiga chiqib, nutqlar o‘qiyotgan edi.

Imron Xonga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, Dawn gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonning turli hududlarida norozilik namoyishlari boshlangan.

Imron Xon 2018 yilda Pokiston hukumati rahbariga aylangan edi. 2022 yil aprelida esa parlament unga ishonchsizlik votumi bildirgach, iste’foga chiqqan edi. Shundan beri Xon muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazishni talab qilib kelmoqda — hokimiyat tepasiga saylovlarsiz kelgan amaldagi hukumat esa ovoz berish jarayonini avvaldan rejalashtirilganidek faqat 2023 yilda o‘tkazilishini ta’kidlab kelmoqda.

Iste’foga chiqishi arafasida Xon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolangan edi.