Toshkent viloyatining Bekobod shahrida 2 noyabr kuni giyohvand moddalarning yirik partiyasini saqlab kelayotgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat IIBB matbuot xizmati.

Bekobod shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida o‘zini shubhali tutgan 29 yoshli Tojikiston fuqarosi A.Sh. yashab kelgan xonadonda xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazilgan.

Uyning yotoqxonasidan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sotish uchun mo‘ljallangan 14,9 kg gashish (nasha) topilgan. Giyohvandlik moddasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.