Hukumatning “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi [631-son] qarori qabul qilindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddati va mahsulot turlari guruhlar bo‘yicha belgilandi:

  • birinchi guruh — achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan meva sharbatlari (uzum shirasi mustasno) va sabzavot sharbatlari, shuningdek, gazlangan hamda gazlanmagan suv va ichimliklar — 2023 yil 1 iyuldan boshlab;
  • ikkinchi guruh — metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklar — 2024 yil 1 avgustdan boshlab.

Qaror bilan:

  • raqamli markirovkalanadigan suv va salqin ichimliklarning identifikatsiya kodlari ro‘yxati;
  • ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafiklari;
  • suv va salqin ichimliklarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Shunindek, raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan boshlab:

  • operator tomonidan majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida taqdim etilishi;
  • O‘zbekiston Respublikasida PET qadoqlarida yarim (0,5) litr va undan oshmagan holda ishlab chiqarilgan gazlanmagan suvlarni majburiy raqamli markirovkalashda identifikatsiya vositalarini shakllantirish maqsadida raqamli markirovka kodlari operator tomonidan bepul taqdim etilishi;
  • 2023 yil 1 iyuldan e’tiboran tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni import qiluvchilar zimmasiga bojxona yuk deklaratsiyasida import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha agregatsiyalangan import kodini aks ettirish majburiyati yuklanishi belgilandi.

Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan:

  • tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkasiz mahalliy ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqarish bundan mustasno) taqiqlanishi;
  • Respublika hududiga import qilinayotgan suv va salqin ichimliklarning agregatsiyalangan import kodi bo‘yicha ma’lumotlarni bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmasdan, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida rasmiylashtirish taqiqlanishi;
  • olti oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat berilishi;
  • to‘qqiz oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat berilishi;
  • to‘qqiz oy o‘tgach tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni mahsulotlar aylanmasi ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlashni faqat elektron hisobvaraq — fakturalarga markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan hamda “Asl belgisi” MATga ma’lumot yuborgan holda amalga oshirilishi;
  • tegishli guruhlar uchun belgilangan majburiy raqamli markirovkalash sanasiga qadar ishlab chiqarilgan va yuqorida belgilangan muddatda erkin muomalaga kiritilgan suv va salqin ichimliklarni chakana savdo tashkilotlari tomonidan o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda identifikatsiya vositalarisiz sotishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, VMning tegishli qarori bilan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda xalqaro standartlar talablariga asoslangan mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etildi.

Mos ravishda o‘sha yili “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Tizim operatori Rossiyada tovarlarni markirovkalash tizimining yagona operatori bo‘lgan Rossiya ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (SRPT) tomonidan yaratilgan CRPT Turon bo‘ldi, uning aksiyadori Alisher Usmonovning USM Holding kompaniyasi hisoblanadi.

Joriy yilning 15 aprelidan maishiy texnika vositalarini, 1 sentabrdan dori va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash joriy etilgandi.