Saudiya Arabistoni razvedka ma’lumotlarini AQSh bilan bo‘lishib, uni podshohlikdagi marralarga Eronning «muqarrar hujumlari»dan ogohlantirdi. Bu haqda Wall Street Journal rasmiy shaxslarga tayangani holda xabar bermoqda.

Xabarda Saudiya Arabistoni va AQSh vakillarining so‘zlariga asoslangan holda qayd etilishicha, ushbu holat Yaqin Sharqdagi Amerika va boshqa mamlakatlar harbiylari jangovar shayligining oshirilishiga sabab bo‘lgan.

«Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining ogohlantirishiga javoban, AQSh va boshqa bir qator qo‘shni mamlakatlar o‘z qurolli kuchlarining jangovar shayligini oshirdi», — deb yozmoqda WSJ.

Razvedka ma’lumotlari bilan almashinuv holatini tasdiqlagan rasmiylardan biri vaziyatni «yaqin vaqt yoki 48 soat ichida yuz berishi mumkin bo‘lgan» haqiqiy hujum tahdidi sifatida ta’riflagan. Biroq AQShning mintqadagi biror bir elchixonasi yoki konsulligi Saudiya Arabistoni yoki Yaqin Sharqning boshqa bir nuqtasidagi amerikaliklar uchun ogohlantirish yoki yo‘riqnoma chiqarganicha yo‘q.

Saudiya Arabistonining ogohlantirishiga javoban Qo‘shma Shtatlar vaziyatdan xavotirda ekani va «zarurat tug‘ilganida o‘ylanib o‘tirmay javob qaytarilajagi»ni ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

«Biz xavf manzarasidan xavotirdamiz va Saudiya Arabistoni vakillari bilan harbiy va razvedka kanallari orqali doimiy muloqotni saqlab qolamiz, — deyiladi AQShning Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan seshanba kuni berilgan bayyonotda. — Biz mintaqadagi manfaatlarimiz va hamkorlarimiz himoyasi uchun o‘ylanib o‘tirmay harakatga kirishamiz».

AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Ned Praysning ma’lum qilishicha, Vashington mintaqadagi mavjud tahdidlar yuzasidan Ar-Riyod bilan doimiy muloqotda hamda o‘z manfaatlari va ittifoqchilari himoyasi uchun harakat qilishga tayyor.

Al Jazeera’ning xabar berishicha, oktabr oyida Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi Saudiya Arabistonini ogohlantirib, undan, xususan, Londonda joylashgan fors tilidagi yangiliklar kanallari orqali Erondagi norozilik namoyishlari keskin yoritmaslikni talab qilgandi. Erondagi namoyishlar sentabrdan beri davom etmoqda.

«Bu bizning so‘nggi ogohlantirishimiz, chunki siz bu OAVlar orqali bizning ichki ishlarimizga aralashmoqdasiz, — deya Al Jazeera korpus qo‘mondoni Husayn Salomiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan edi. — Siz bu ishga aralashgansiz va nozik joylaringiz borligini bilasiz».

Eron sudlov hokimiyatining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron sudlov tizimi teletarmoqlarni ishga tushirib, ularni qo‘llab-quvvatlayotgan Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistoni kabi mamlkatlarning namoyishchilarni fitnaga undashdagi rolini inkor qilmaydi.

oktabr oyi oxirida Eron Razvedka vazirligi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi Mahsa Aminiyning o‘limi sabab mamlakatda o‘n minglab odamlar ishtirokida davom etayotgan tartibsizliklar va norozilik namoyishlari to‘liq AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil va Saudiya Arabistonining razvedka xizmatlari tomonidan ishlab chiqilib, amalga oshirilgani haqida bayonot bergan edi.