AQSh Federal zaxira tizimi noyabr oyida o‘tkazgan yig‘ilishida asosiy stavkani 75 bazaviy punktga — yillik 3−3,25% dan 3,75−4% gacha oshirdi. Bu haqda Federal ochiq bozorlar qo‘mitasi taqdim etgan press-relizda ma’lumot berildi.

Bu yil boshidan buyon oltinchi oshish bo‘lib, mamlakat tarixida kuzatilayotgan rekord darajadagi inflyatsiyaga javoban qabul qilindi.

FZT mart oyida 4 yildan so‘ng birinchi mart oyida 25 b.p.ga, mayda esa — 50 b.p.ga, iyun, iyul, sentabr oylarida esa — 75 b.p.gacha oshirildi. Shuningdek, Federal zaxira $95 mlrd hajmida qarz qimmatli qog‘ozlarini, jumladan $60 mlrd g‘aznachilik va $35 mlrd ipoteka obligatsiyalarini sotdi.

Pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish orqali AQSh Federal rezerv tizimi o‘sib borayotgan inflyatsiyani ushlab turishga harakat qilmoqda. sentabr oyida mamlakatda iste’mol narxlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2%ga oshdi.

Bu garchi avgust oyidagi ko‘rsatkichdan past (8,3%) bo‘lsada, tahlilchilar prognoz qilgan (8,1%) darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Asosiy inflyatsiya (oziq-ovqat va energiyadan tashqari tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘sishi 6,6% (kutilma 6,5%)ni tashkil etdi.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ulkan insoniy va iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Urush va u bilan bog‘liq voqealar inflyatsiyaga qo‘shimcha yuqori bosim ko‘rsatib, global iqtisodiy faoliyatni qiyinlashtirmoqda. Qo‘mita uzoq muddatda maksimal bandlik va inflyatsiyani 2% darajaga tushishiga harakat qiladi», deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, stavkaning 0,75 b.p.ga oshishi bozor ishtirokchilari tomonidan kutilgan edi. FedWatch vositasi orqali ushbu hodisaning ehtimollik darajasi 90% ni tashkil qilgan.

O‘zbekistonga ta’siri

EastAsiaForum nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, FZT foiz stavkalari oshgani sayin, yuqori daromad olish uchun rivojlanayotgan bozorlarga sarmoya kiritganlar soni kamayadi. Bu Qo‘shma Shtatlarga katta miqdordagi kapital oqimi kirib borishi va rivojlanayotgan mamlakatlardan kapitalning chiqib ketishi bilan izohlanadi. Teng taqsimotli qattiqroq ichki pul-kredit siyosatisiz, qarz olish xarajatlarining oshishi tashqi zahiralarni tugatadi, dollar kursini oshiradi va AQSh dollarida biriktirilgan sof majburiyatlarga ega bo‘lgan davlatlar uchun balans yo‘qotishlariga olib keladi.

Manba: Markaziy bank

2021 yilda Markaziy bank kelgusi uch yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy va muqobal ssenariylarini taqdim etgandi.

Unga ko‘ra, kelgusida AQSh Federal zaxira tizimi tomonidan pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi dollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlaydi. Asosiy stavkasining yanada tezroq oshishi mumkinligi haqidagi bayonotlari fonida dollar indeksining tezroq o‘sishi kutilmoqda.

Yirik iqtisodiyotlarning markaziy banklari tomonidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rag‘batlantiruvchi choralarning qisqa muddatda tugatilishi global foiz stavkalarining o‘sishiga olib keladi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi bozorda qarz olish narxining oshishiga, oltin narxining pasayishi hisobiga eksport hajmi va budjet tushumlarining ma’lum darajada kamayishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, oktabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda MB asosiy stavkasi 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. 2022 yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida bo‘lishi, 2023 yilda esa 8,5−9,5% gacha pasayishi prognoz qilindi. Mos ravishda YAIM 5,2−5,8%, 2023 yilda 4,5−5% bo‘lishi kutilmoqda.

Regulyator rahbari amaldagi pul-kredit siyosati vositalari, jumladan, Markaziy bank asosiy stavkasini (15%) inflyatsiya darajasidan (sentabrda 12,2%) yuqori darajada ushlab turish orqali 2022 yil oxiriga kelib iste’mol narxlari o‘sish sur’atlarini 12% gacha pasaytira olishiga ishonch bildirdi.