Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Markaziy Osiyo davlatlariga amalga oshirgan tashrifi davomida mintaqa mamlakatlarini Germaniya bilan hamkorlik qilishga chaqirdi, deb xabar berdi Deutsche Welle nashri.

Germaniya TIV rahbarining O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi sobiq Ittifoq respublikalariga hamkorlik signalini beradi, dedi u 1 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng.

Jurnalistlar oldidagi nutqida Annalena Berbok Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Poytaxtda TIV rahbari rasmiy kun tartibidan tashqari, 1963 yildan buyon nemis tili o‘rgatib kelinayotgan maktabga tashrif buyurdi. Shuningdek, Annalena Berbok Olmaliq KMKni ham borib ko‘rdi. Qolaversa, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya TIV rahbarini qabul qildi.


Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

«O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan hamkorlikni kengaytirish orqali Berlin tog‘-kon sanoati sohasida Xitoyga qaramlikni kamaytirishga umid qilmoqda», — deb yozadi Deutsche Welle.

«Yevropaning ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritishni xohlayapti. Mana shuning uchun ham menga biznes delegatsiyasi hamrohlik qilmoqda. Investitsiyalarni eng yaxshi himoya qilish yo‘li — bu inson huquqlari himoyasidir», — dedi o‘zining Twitter`dagi sahifasida Annalena Berbok.

«Boshqalar O‘zbekistonni o‘zlarining ta’sir doirasi ostiga olishni istaydi. Biz teng asosdagi: haqqoniy, shaffof va chalg‘ituvchi qiyin kreditlarsiz hamkorlik qilishni xohlaymiz. Yevropa O‘zbekiston yaxshi qo‘shni bo‘lishini xohlaydi. Investitsiyalar haqida gap ketganda, biz bo‘ysunishga emas, balki huquqiy aniqlikka tayanamiz», — deya ta’kidladi Germaniya TIV rahbari.

Shuningdek, Annalena Berbok Vladimir Norov bilan bo‘lgan muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan brifingda Afg‘oniston bo‘yicha ham bir qancha bayonotlar berdi, deb xabar qildi Kun.uz nashri.

«O‘sha [2021 yil sentabr oyida Afg‘onistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelgan] kundan beri hayot siz uchun oson bo‘lmay qoldi. Axir, inqirozlar o‘chog‘i sizning ostonangizda. O‘tgan yilning yozidan beri toliblar ayollarni erkinlik va ta’lim olish huquqidan mahrum qilib kelmoqda. Shuning uchun ham afg‘onlar qo‘rquvda yashaydi, chunki yashash va omon qolish — ikki xil tushuncha», — dedi u.

«Hozirgi vaqtda federal hukumat har oy minglab odamlarni O‘zbekiston orqali Germaniyaga olib ketishga qaror qildi», — dedi Annalena Berbok. —  Bu birinchi navbatda, eng ko‘p bosim ostida qolayotgan Afg‘oniston fuqarolari bo‘ladi".

Germaniya TIV rahbari ushbu jarayonni tashkil etish masalasini O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muhokama qilganini ta’kidladi.


Foto: Germaniya TIV / Twitter.

Brifingdan so‘ng Vladimir Norov O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam berayotgani, u yerda tinchlik o‘rnatish va gumanitar inqirozning oldini olishga harakat qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan aktivlarini qaytarish va u yerdagi infratuzilmani tiklashda yordam berishi kerak, degan fikrni bildirdi.

Vladimir Norovning javobidan so‘ng Annalena Berbok bu masalada O‘zbekiston bilan hamfikr emasligi va Germaniya Afg‘onistonning amaldagi hukumati harakatlariga qarshi ekanini bildirdi.

«Afg‘oniston fuqarolarini taqdir hukmiga topshirishga haqqimiz yo‘q va biz bunday qilmaymiz. So‘nggi oylarda biz inqiroz va u yerda sodir bo‘layotgan vaziyatlarni kuzatib turibmiz. Qish kelmoqda va u o‘zi bilan bir qator muammolarni olib keladi. [Germaniya] Federal hukumati Afg‘onistondagi odamlarga yordam berishda davom etadi. Biz O‘zbekistonning Afg‘onistondagi faoliyatini yuqori baholaymiz va olqishlaymiz», — dedi u.

«Ammo nima bo‘lganda ham, biz O‘zbekiston bilan bu masalada turlicha qarashlarga ega ekanimizni angladim. Chunki biz „Tolibon“ Afg‘onistonda odamlarning erkinligini o‘g‘riladi deb hisoblaymiz. Fursatdan foydalanib aytmoqchimanki, biz Afg‘onistonning amaldagi hukumati qilayotgan ishlarga qarshimiz», — dedi Annalena Berbok.


Foto: Germaniya TIV / Twitter

Eslativ o‘tamiz, 2021 yildagi SHHT sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk marotaba Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishga taklif chaqirgandi. Shundan beri bu chorlov doimiy ravishda ta’kidlab kelinmoqda. «Gazeta.uz» mazkur aktivlar haqida so‘zlab bergandi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitida Shavkat Mirziyoyev shunday degandi: «Bizni qish kelishi bilan Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatning keskinlashuvi qattiq bezovta qilmoqda. Gap u yerda yashayotgan, ijtimoiy kafolatlardan mahrum bo‘lgan millionlab odamlarning og‘ir ahvoli haqida bormoqda. Ushbu kompleks muammoni mamlakatning amaldagi hokimiyati ham, qo‘shni davlatlar ham mustaqil ravishda hal qila olmaydi. Bu yerda butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy ko‘magi zarur».