«Samarqand» aeroporti texnik sabablarga ko‘ra 8 noyabr soat 00:01 dan 12 noyabr 00:01 ga qadar parvozlar uchun yopiladi.

Bu haqdagi xabar chorshanba kuni aviatsiya xodimlari uchun NOTAM xalqaro xabarnoma tizimida paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda AviaAlertsUZ Telegram kanali.

11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu 2021 yil noyabrida Turkiy Kengash o‘rnida tuzilgan tashkilotning birinchi sammiti bo‘ladi.

Tashkilotga a’zo mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari uchrashuvi arafasida iqtisodiyot va tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston (2019 yildan) a’zo. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand aeroporti Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti shaharda o‘tkazilishi munosabati bilan 14−16 sentabr kunlari ham tijorat yo‘lovchi va yuk reyslari uchun yopilgan edi.