1 noyabr — Chevrolet Onix avtomobili sotuvining birinchi kunida rekord darajada 28 mingdan ortiq mijoz mashina xaridi uchun shartnoma imzoladi. O‘sha kuni jami 30 mingga yaqin avtomobil uchun shartnoma tuzilgan. UzAutoMotors bu boshqa kunlardagi o‘rtacha shartnomalar sonidan qariyb 30 baravarga ko‘p bo‘lganini ma’lum qildi.

Ishlab chiqaruvchilarning fikriga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich UzAutoMotors uchun mutlaq rekord. Bu «Chevrolet Onix`ning mutlaqo muvaffaqiyatidan dalolat beradi» va «aholi farovonligining sezilarli darajada yaxshilanganini hamda iqtisodiyotning oshganini yaqqol ko‘rsatib turibdi», deyiladi xabarda.

Chevrolet Onix`ga tuzilgan sharnomalarning ko‘p qismi ya’ni 61 foizi avtomobilning top komplektatsiyasi uchun tuzilgan. Taxminan 45% ulush birdan ortiq avtomobilni xarid qilmoqchi bo‘lganlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniya bozorni «iste’molchilarga munosib bo‘lgan, eng ilg‘or opsiyalar bilan jihozlangan, zamonaviy avtomobillar bilan to‘ldirish» uchun «maksimal darajada bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qilish»ini ma’lum qildi.

2021 yilning 2 mart kuni «Uzavto Motors» zavodiga uyushtirilgan press-tur davomida kompaniya direktori v.b. Rustam Rajabov «Chevrolet Onix» mashinasining O‘zbekistondagi narxi 9−12 ming AQSh dollarini tashkil etishini ta’kidlagandi. Biroq hozirda avtomobilga bundan ancha qimmatroq etib belgilandi.

QQSni hisobga olmagan holda narxlar quyidagicha ko‘rinishga ega:

  • 1,2 MT Soddalashtirilgan komplektatsiya — 110 000 000 so‘m;
  • 1LS 1,2 MT — 133 040 000 so‘m;
  • 3LT 1.2 MT — 141 960 000 so‘m;
  • LTZ 1,2 Turbo AT — 165 180 000 so‘m.