28 oktabr kuni Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida ikki mashina to‘qnashishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, tumanning «Oltin vodiy» MFY hududidan o‘tgan «Gagarin — Do‘stlik» 4R-35 yo‘lining 64-kilometrida soat 22:00 larda Toshkentning Sirg‘ali tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lada Vesta avtomashinasi Mirzacho‘l tumanining G‘alaba mahallasida istiqomat qiluvchi shaxs boshqaruvidagi «VAZ-2102» rusumli avtoulovga to‘qnashib ketdi.

Oqibatda Lada Vesta salonida bo‘lgan, Sharof Rashidov tumani Qangli mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan fuqaro olingan tan jarohatlari halok bo‘ldi. «VAZ-2102» haydovchisi hamda mazkur avtoulov salonida bo‘lgan Mirzacho‘l tumani Mirzadala SHFYda yashagan yo‘lovchi ham shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etdi.

Ta’kidlanishicha, marhumlar belgilangan tartibga ko‘ra sud tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilayotganida vafot etganlardan birining qarindoshlari ekspertiza o‘tkazilishiga qarshilik qilgan. Shu bois tibbiy muassasada tartibni saqlash uchun ichki ishlar organlari xodimlari jalb qilingan.

Marhumning yaqinlari soha vakillarining tushuntirishlariga qaramasdan sud tibbiy ekspertiza binosining eshik va derazalarini buzishga urinishgan, qolaversa ular ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266- moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.