Toshkent shahrida 24−27 oktabr kunlari V xalqaro Nobel festivali o‘tkazildi. Unda BMT bosh kotibining Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi, 2007 yili tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Raye Kvon Chung ham mehmon sifatida qatnashdi.

Festival Inklyuziv rifojlantirish fondi, Coca-Cola, Yoshlar ishlari agentligi, «Ziyo Forum» Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi va «Zakovat» NNT tomonidan tashkillashtirildi.

Yoshlar ijod saroyida o‘tgan matbuot анжuманиdaн so‘ng, «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov Incheon milliy universiteti professori bilan qisqa suhbat o‘tkazdi.

Raye Kvon Chung Toshkent havosi haqida gapirarkan, poytaxtda yengil mashinalarning ko‘pligi sabab havo tobora ifloslanayotganini ta’kidladi.

«Toshkentga kelgan kunim (24 oktabr) baxtimga yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, havo juda toza edi. Lekin yomg‘ir tingach, haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim. Shaxsiy mashinalarning ko‘pligi, ulardan chiqayotgan zaharli tutun tufayli shahar havosi me’yoridan-da yomonlashib bormoqda. Aynan shular ham Toshkent havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Qandaydir yechimini albatta, topish shart», — dedi u.


Foto: Ravshan Melikuziyev

Uning aytishicha, jamoat transportini ko‘paytirish orqali ushbu masalaga ancha barham berish mumkin.

«Sizlar jamoat transportiga e’tibor qaratishingiz, ularni ko‘paytirishingiz kerak. Bu o‘ta muhim masala. Agar fuqarolar yana shaxsiy mashinasini haydab yuraversa, vaziyat bundan ham yomonlashadi. Odamlar shahar ichiga o‘z avtomobilida kirmagani maqbulroq», — dedi professor.

Raye Kvon Chungning qayd etishicha, jamoat transporti tezligi va sifatli xizmati ta’minlansa, odamlar albatta, undan foydalanadi.

«Koreyadek mamlakat shaharlarida ham yo‘llar bilan bog‘liq masalalar, YTHlar ko‘p. Garchi yo‘llar sozligi bo‘yicha barcha standartlarni ko‘rgan, mashina boshqarish mashg‘ulotlari talab darajasida bo‘lsa-da, baribir, yo‘llarga oid muammolarimizga yangi-yangi yechimlar topishimizga to‘g‘ri kelyapti», — dedi Nobel mukofoti sovrindori.

Uning fikricha, Toshkent ham jamoat transportiga katta urg‘u berishi kerak.