Toshkent shahar hokimligi poytaxt maktablaridagi o‘qituvchilar uchun bir xil ko‘rinishdagi formalarni tayyorlab, yetkazib berish bo‘yicha buyurtma bergan. Hokimlikning shu haqdagi hujjati tasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi; hujjatda poytaxt hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimovaning imzosini ko‘rish mumkin.

Unga ko‘ra, hokimlik har birining tarkibida ko‘ylak, yubka, galstuk, jaket (nimcha) va kofta bo‘lgan 1200 komplekt (to‘plam) formaga buyurtma bergan. Buning uchun shahar ma’muriyati tomonidan 1,5 mlrd so‘m ajratilgan (bir to‘plam narxi 1,25 mln so‘m).


Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatda Toshkentdagi maktab o‘qituvchilari uchun forma joriy etish tashabbusi poytaxt hokimligining o‘zidan chiqqanini ta’kidladi. Bu tashabbusni amalga oshirishdan avval biror davlat tajribasi o‘rganilmagan va bunday maqsad ham yo‘q.

“Hamma kasb egalarining o‘z sharafli formasi bor, ko‘rgan odam ularning qay sohada ishlashini bir qarashda biladi. Formani yo‘lga qo‘yishdan maqsad jamoat joylarida o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, yosh avlodda ularga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. Maktab direktorlari baribir pedagoglarga forma kiydirtiradi, har bir o‘qituvchi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan narxlarda forma sotib oladi. Hozir qay bir maktabga bormang, o‘qituvchilar ustida turli rangdagi kostyumlar, koftalarni ko‘rasiz. Biz esa hamma pedagoglar bir xil formada bo‘lishini istab, shu tashabbus bilan chiqdik”, — dedi u.

Uning aytishicha, formani yo‘lga qo‘yishdan oldin maktab direktorlari va o‘qituvchilarning fikri o‘rganilgan, takliflari eshitilgan.

“Bu forma majburiy emas. Buni o‘qituvchilarga yordam sifatida ko‘rish mumkin. Ular orasidagi e’tiborga muhtojlariga, qisman bo‘lsa-da, ko‘maklashmoqchimiz. Misol uchun, biror o‘qituvchi bir yoki ikki nafar farzandini shartnoma asosida oliy o‘quv yurtida o‘qitayotgan bo‘lsa, o‘zi uchun forma xarid qilishda qiynaladi. Shu nuqtai nazardan ham shunday pedagoglarga yordam berish maqsad qilingan”, — dedi hokim o‘rinbosari.

Durdona Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot yangi emas — 2022-yil bahorida ham 3 ming nafar o‘qituvchiga forma xarid qilinib, tarqatilgan.

“O‘sha formalarni ham shahar hokimligi xarid qilib, bepul tarqatgan. Pedagoglar hozirgacha xursand bo‘lib, kiymoqda. Boshqa o‘qituvchilarga ham bosqichma-bosqich olib beryapmiz. Shu jarayonning davomi sifatida 1 200 nafar o‘qituvchiga forma sotib olish ko‘zda tutilgan. Bitta pedagog formasining narxi 1,25 mln so‘m deyilgan, ammo bu eng yuqori narx. O‘qituvchilar bozordan yubka, kofta va boshqalarni olaman desa, ancha qimmatga tushadi. Biz esa ularga mahalliy budjetning ortib qolgan qismidan ajratilgan mablag‘ga forma xarid qilib, bepul tarqatyapmiz”, — dedi u.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, hozirda poytaxtda 317 ta umumta’lim maktabi bo‘lib, ularda 23 ming nafar pedagog faoliyat yuritadi.

Avvalroq xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov maktablarda o‘qituvchilar uchun yagona forma talabi joriy etilmaganligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yagona maktab formasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq jamoatchilikning noroziliklari sabab, ushbu talab bekor qilindi va yagona maktab formasini to‘liq joriy etish 2025-yilgacha kechiktirildi. Qayd etish joiz, yagona maktab formasining namunalari 2018-yildayoq tasdiqlangan.