Beybut Bakirovich Atamkulov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi, deb xabar qildi mamlakat rahbarining matbuot xizmati prezident farmoniga tayanib.

Kapital.kz ma’lumotlariga ko‘ra, u 1964 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston politexnika institutini muhandis-metallurg mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universitetida iqtisod fanlari nomzodi darajasini olgan.

Mehnat faoliyatini Norilsk kon-metallurgiya kombinati mis eritish zavodida erituvchi sifatida boshlagan. 1991 yildan 2006 yilgacha xususiy sektorda — sanoat korxonalarini boshqarishda ishlagan.

2006 yilda Qozog‘istonning Rossiyadagi, so‘ngra Erondagi elchixonasi maslahatchisi, 2008 yilda esa Frankfurt-Mayndagi mamlakat bosh konsuli lavozimlariga tayinlangan. 2010−2012 yillarda Qozog‘istonning Malayziya, Indoneziya, Bruney-Darussalam, Filippindagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan.

2012−2014 yillarda Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi, 2014−2015 yillarda Investitsiyalar va taraqqiyot vazirligi mas’ul kotibi lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, 2015 yil avgustidan Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi, 2016 yil 7 oktabrda Qozog‘iston mudofaa va aerokosmik sanoat vaziri etib tayinlangandi.

2018−2019 yillarda Beybut Atamkulov Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. 2019 yilning sentabridan 2022 yilning yanvarigacha sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligini boshqargan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildan buyon Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan Darxon Satibaldi avgust oyida o‘z missiyasini yakunlab, janubda O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston viloyatiga hokim etib tayinlangandi.