29 oktabr kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul markazida Xellouin bayramini nishonlash vaqtida yuz bergan tiqilinch oqibatida 151 nafar kishi halok bo‘ldi, 82 nafari jarohatlandi. Halok bo‘lganlar orasida 19 nafar xorijlik, jumladan, O‘zbekiston, Eron, Xitoy va Norvegiya fuqarolari ham borligi aniqlandi, deb yozadi Korea Times Yonhap axborot agentligiga tayanib.

Ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 97 nafari ayollar, 54 nafari erkaklardir. Hodisa — mamlakat tarixidagi eng qonli tiqilinch Hamilton mehmonxonasi yaqinidagi tor ko‘chada sodir bo‘lgan. Seul meriyasiga voqea yuzasidan bedarak yo‘qolganlar haqida 350 ga yaqin xabar kelib tushgan.

Shanba kuni Xellouin bayrami Janubiy Koreya poytaxtida yirik koronavirus cheklovlari olib tashlanganidan keyin uch yil ichida birinchi marta nishonlandi. Fojia yuz bergan ko‘chada ko‘pchilik bayramona liboslarda bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati o‘smirlar va 20 yoshdan oshgan yoshlar bo‘lgan. Ular orasida bolalar bor-yo‘qligi hozircha aniqlanmagan.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

O‘t o‘chirish xizmatining ma’lum qilishicha, soat 10:15 dan so‘ng ularga Itayevon shahrida ko‘chada nafas olishda qiynalayotgan odamlar borligi haqida o‘nlab qo‘ng‘iroqlar kela boshlagan. Voqea joyidan olingan kadrlarda ham qutqaruvchilar, ham oddiy odamlar jabrlanganlarga kardiopulmoner reanimatsiya o‘tkazayotganini ko‘rish mumkin.

Guvohlar va omon qolganlarning aytishlaricha, katta bir guruh odamlar to‘dasi taxminan 4 metrcha keladigan xiyobonga tushib ketgan, shundan so‘ng ular ortidan minglab odamlar ergashgan.

«Odamlar boshqalar tomon domino toshlari kabi yiqilishda davom etdi», — deb yozgan voqea guvohlaridan biri Tvitterda. «Men ezilib o‘lib qolaman deb o‘yladim, chunki odamlar olomon ichida yiqilib tushayotganini sezmay turaverishdi», — dedi u.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol o‘z xonasidan jonli efir qilib, xalqqa murojaat qildi va milliy motam e’lon qildi. Prezident mutasaddilarga hodisa sabablarini chuqur o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi. U xalqqa murojaat qilgach, darhol fojia sodir bo‘lgan joyga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, Yevropada bo‘lgan Seul meri O Se Xun zudlik bilan vataniga qaytib kelayotganini ma’lum qildi. Shahar politsiyasi tez orada markazdagi barlar va klublar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi borasida tergov boshlashni rejalashtirayotganini qayd etdi.

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida o‘zbekistonliklar ichida jabrlanganlar bo‘lsa va yordam kerak bo‘lsa, elchixona konsullik bo‘limi hamda Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasiga zudlik bilan murojaat qilishlarini so‘radi: elchixona: 010−6802−1969, uyushma: 010−8495−0027.

«13:00 holatida mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Itayevon ko‘chasida sodir bo‘lgan mudhish voqeada bir nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi vafot etgan. Elchixona halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi», — deyiladi xabarda.