Yakshanba kunidan boshlab Rossiya Turkiya va BMT ishtirokida tuzilgan Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishdagi ishtirokini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bu haqda RF Mudofaa va Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, 29 oktabr kuni ertalab «Kiyev rejimi» Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasida «Qora dengiz floti kemalari va fuqarolik kemalariga terrorchilik hujumi» uyushtirgan.

Mudofaa vazirligi ham, Tashqi ishlar vazirligi ham Ukraina qurolli kuchlarining harakatlariga «britan mutaxassislari» rahbarlik qilgani haqida xabar berdi.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qaytarilgan, uchuvchisiz uchish apparatlari va dengizdagi uchuvchisiz transport vositalari yo‘q qilingan. Shu bilan birga, «Ivan Golubets» dengiz minalaridan tozalovchi kema hamda Janubiy ko‘rfazidagi suzuvchi to‘siqlar kichik zarar ko‘rdi.

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya harbiy-dengiz kuchlarining ushbu bo‘linmasi vakillari 26 sentabr kuni Boltiq dengizida „Shimoliy oqim-1“ va „Shimoliy oqim-2“ gaz quvurlarini buzish maqsadida terrorchilik harakatini rejalashtirish, qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda ishtirok etgan», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

«Rossiya tomoni Qora dengiz tashabbusida ishtirok etuvchi fuqaro quruq yuk kemalarining xavfsizligini kafolatlay olmaydi va bugundan boshlab uni amalga oshirishni noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yadi», — deya ta’kidladi Rossiya TIV.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi mazkur da’volarni «epik miqyosdagi yolg‘on» deb atadi. «Ukrainaga noqonuniy bostirib kirish jarayonidagi muvaffaqiyatsiz harakatlaridan e’tiborni chalg‘itish uchun Rossiya Mudofaa vazirligi epik miqyosdagi yolg‘on bayonotlarni tarqatishga usuliga murojaat qilmoqda. Bu uydirilgan hikoya G‘arbdan ko‘ra Rossiya hukumatida davom etayotgan nizolar haqida ko‘proq gapiradi», — deyiladi bayonotda.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiya don bitimida ishtirok etishni to‘xtatish qarorini bekor qilishi kerakligini ma’lum qildi. Qaror «global oziq-ovqat inqirozidan chiqish uchun juda zarur bo‘lgan don va o‘g‘itning asosiy eksport yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», — dedi u.

22 iyul kuni Istanbulda Ukraina, Turkiya, Rossiya va BMT tomonidan Ukraina portlaridan don eksporti uchun yo‘lak yaratish bo‘yicha xalqaro shartnoma imzolangan edi. Birinchi quruq yuk ortilgan kema 1 avgust kuni Odessa portidan jo‘nab ketdi.