Qarshining “Nasaf” futbol klubi ketma-ket ikkinchi yil Coca-Cola O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan final uchrashuvida “Nasaf” Namanganning “Navbahor” jamoasini qo‘shimcha vaqtlarda 2:1 hisobida mag‘lub etdi, deya xabar bermoqda O‘zPFL matbuot xizmati.

O‘yinda hisob 29-daqiqada ochildi — “Nasaf"ning serbiyalik yarim himoyachisi Marko Stanoyevichning uzatmasidan so‘ng Akmal Mozgovoy “Navbahor” darvozasini aniq nishonga oldi. 57-daqiqada esa “Navbahor” hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi — “Navbahor"ning serbiyalik hujumchisi Zoran Marushichning tovoni bilan amalga oshirgan pasidan so‘ng “Navbahor” yarim himoyachisi Doniyor Abdumannopov to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab olib, “Nasaf” himoyachilari va darvozabonini dog‘da qoldirdi.

O‘yinning asosiy vaqtida muxlislar boshqa gol ko‘rmadi. Qo‘shimcha vaqtning 11-daqiqasida “Nasaf” himoyachisi Zafarmurod Abdirahmatovning o‘ng qanotdan uzatgan pasini “Navbahor” jarima maydonchasiga yorib kirgan qarshiliklarning braziliyalik hujumchisi Lima Kruz boshi bilan zarba bergani holda golga aylantirib, “Nasaf"ga g‘alaba keltirgan gol muallifi bo‘ldi — 2:1 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi. Lima Kruz esa o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.

Final uchrashuvining videosharhi

Shunday qilib, “Nasaf” uch karra O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylandi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Navbahor” bilan tenglashib oldi. Qashqadaryoliklar bungacha 2021 va 2015-yillarda kubok bahslarida g‘olib chiqqan. Namangan klubi esa 1992, 1995 va 1998-yillarda O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston Kubogidagi g‘alabalar soni bo‘yicha mutlaq rekordchi “Paxtakor"dir — toshkentliklar ushbu sovringa 13 marta ega chiqqan. 2022-yilgi mavsumda “Paxtakor"ni musobaqadan “Navbahor” chiqarib yuborgan edi.

Ma’lumot uchun, “Nasaf” va “Navbahor” ayni vaqtda Coca-Cola O‘zbekiston Superligasida ham chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lib turibdi. Chempionat yakunlanishiga uch tur qolgan bir vaqtda “Nasaf” 46 ochko bilan musobaqada peshqadamlik qilmoqda, undan keyingi o‘rinlardagi “Paxtakor” va “Navbahor"da mos ravishda 45 va 44 ochko bor. “Nasaf” o‘z tarixida hali hech qachon O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritmagan, “Navbahor” esa birinchi va oxirgi marta 1996-yili mamlakat chempioni bo‘lgan. Musobaqaning amaldagi g‘olibi “Paxtakor” esa chempionliklar soni bo‘yicha (14 ta) mutlaq rekordchidir.