Reykyavikda (Islandiya) Fisher tasodifiy (random) shaxmati bo‘yicha jahon chempionatining guruh bosqichi yakunlanib, turnir yarim finalchilari aniqlandi. O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov ketma-ket to‘rtta uchrashuvda g‘alaba qozonib, o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Bu uning yarim finalga yo‘l olishini ta’minladi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvorkovich turnir ishtirokchilari — Nodirbek Abdusattorov va Yan Nepomnyashiyni qutlamoqda. Foto: David Llada.

Avval xabar berganimizdek, 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan musobaqaning birinchi kunida har bir guruhda ikkitadan o‘yindan iborat ikkita uchrashuv o‘tkazildi. Nodirbek Abdusattorov (FIDE reytingi — 2713) shaxmat bo‘yicha amaldagi va hozircha yagona jahon chempioni Fisher Uesli So (2774) va Yan Nepomnyashiyni (2793) ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lub etdi.

Ikkinchi o‘yin kuni esa Xyyorvar Gretarssonni (2533) ikki uchrashuvda 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi kuni u Yan Nepomnyashiydan ikki marta ustun keldi (2:0), biroq Uesli Sodan bir marta mag‘lub bo‘ldi, bir marta durang o‘ynadi.

Nodirbek Abdusattorov klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoniga da’vogar hisoblangan 32 yoshli Nepomnyashiyni birinchi marta mag‘lub etayotgani yo‘q. O‘tgan yilning oxirida u Varshavada o‘tkazilgan tezkor jahon chempionati finalida rossiyalik grossmeysterni mag‘lub etib, tezkor shaxmat bo‘yicha eng yosh jahon chempioniga aylangan edi. Joriy yilning yozida esa 2022 yilgi Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston uchun yorqin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng Nodirbek deyarli barcha nufuzli turnirlarga taklif qilindi va u Lichess.org saytidagi mashaqqatli saralash orqali Fisher shaxmati bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.

«A» guruhida o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:

  1. Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) — 10 ball (12 balldan);
  2. Yan Nepomnyashiy (Rossiya) — 7;
  3. Uesli So (AQSh) — 6;
  4. Xyyorvar Gretarsson (Islandiya) — 1.

«B» guruhi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Magnus Karlsen (Norvegiya) — 9;
  2. Xikaru Nakamura (SSHA) — 7,5;
  3. Vladimir Fedoseyev (Rossiya) — 5;
  4. Mattias Blyubaum (Germaniya) — 1.

29 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadigan yarim finalda Nodirbek Abdusattorov va Xikaru Nakamura, Magnus Karlsen Yan Nepomnyashiy bilan kuch sinashadi.