O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Orlov viloyatidagi «Ekositi» korxonasida ishlayotgan o‘zbekistonliklarni urushga safarbar qilishga urinishganini tasdiqladi.

Avvalroq «Gazeta.uz» chiqindilarni qayta ishlovchi korxonada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga safarbarlik uchun chaqiruv qog‘ozlarini topshirishgani, fuqarolar va korxona rahbari harbiy komissariyatga tashrif buyurib, pasportlarni ko‘rsatishgach chaqiruv bekor qilingani haqida yozgandi.

Elchixona xodimlari korxona rahbari Yuriy Paraxin va uning o‘rinbosari Valeriy Okorovkov hamda O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashdi.

Diplomatik missiya aniqlanishicha, 26 nafar O‘zbekiston fuqarosiga safarbarlik chaqiruvi texnik xato tufayli yuborilgan va hujjatlar harbiy komissariyatda tekshirilgandan so‘ng chaqiruv qog‘ozi qaytarib olinib, masala hal etilgan.

Bu ma’lumotni korxona rahbariyati va respublika fuqarolari tasdiqladi.

Bundan tashqari, Moskvadagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazish uchun Orlov viloyatiga jo‘nab ketdi.

«Shu bilan birga, qisman safarbarlik e’lon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan texnik xatolar bo‘yicha chaqiruv qog‘ozlari olish holatlari mavjudligini ma’lum qilamiz. Odatda, barcha bunday hollarda safarbarlik chaqiruvi hujjatlar tekshirilgandan so‘ng qaytarib olinadi», — deya qayd etdi elchixona.

Elchixona shunga o‘xshash vaziyatlarda O‘zbekistonning joylardagi bosh konsulligi (Vladivostok, Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Sankt-Peterburg, Rostov-na-Donu) yoki O‘zbekiston elchixonasining Moskvadagi konsullik bo‘limiga murojaat qilishni tavsiya qildi yoki harbiy komissarlik vakillariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan mustaqil ravishda murojaat qilish so‘raldi.