25 oktabr kuni prezident [PQ-409-son] «Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil iyul-sentabr oylarida o‘tkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 364 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

2023 moliya yilidan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida «Ochiq budjet» axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Shuningdek, hokimliklar budjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning 30 foizi tuman (shahar)larda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Qarorga ko‘ra:

  • ️tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari doirasida jamoatchilik fikri asosida «Ochiq budjet» axborot portali orqali tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayonining birinchi mavsumi — har yili fevral-mart oylarida, ikkinchi mavsumi har yili iyun-iyul oylarida;
  • ️"Obod qishloq" va «Obod mahalla» dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida «Ochiq budjet» axborot portali orqali keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni — har yili noyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, «Tashabbusli budjet» loyihasining 2-mavsumiga ovoz berishlar 17 sentabr kuni yakunlangandi. Jami 1418 ta loyiha g‘olib deb topildi va ularni amalga oshirish uchun 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mahallalarni obod qilish va «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida 2023 yildan mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina «Tashabbusli budjet» orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishini aytgandi.«Bunda «Tashabbusli budjet» loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi.