Issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar 25 oktabr kuni (material e’lon qilingan vaqtda) Toshkentda norozilik bildirib, Vazirlar Mahkamasi binosi oldida to‘plandi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Respublikaning turli hududlaridan kelgan o‘nlab issiqxonalarning vakillari dastlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi oldida to‘plangan. Shundan so‘ng prezident Administratsiya rahbari Sardor Umrzakov bilan ko‘rishish maqsadida Mustaqillik maydoni tomon yurgan. Maydondagi qo‘riqchilar ularni Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirgan.

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi «Toshkent ta’mir temir beton» kompaniyasi rahbari Akbar Toshevning so‘zlariga ko‘ra, uning issiqxonalari «Hududgazta’minot»ning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan «hech qanday ogohlantirishsiz, 150 million so‘m bo‘nak puli ham olib bo‘lingani holda, «muqobil yoqilg‘iga o‘tishing kerak», degan tavsiya bilan» gazdan uzilgan. Uning kompaniyasi «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan 12 gektarlik issiqxonaga egalik qiladi. Issiqxonaning 6 gektarida mahsulot gidroponika usulida yetishtiriladi.

«2018 yili «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish bo‘yicha prezident qarori chiqqan edi. Qarorda — hozirgi «Hududgazta’minot» o‘shanda «O‘ztransgaz» edi — «Hududgazta’minot»ga muhandislik kommunikatsiyalari bilan uzluksiz kafolatli ta’minlash choralari ko‘rilsin, deb topshiriq berilgandi. Biz ham «Oblgaz» bilan doim muammo bo‘lishini bilardik, lekin o‘sha qarorga ishonib, issiqxonalarni tashkil qilganmiz. Umumiy hisobda 6 million dollarga yaqin pulimiz ketgan bu issiqxonalarni tashkil qilishga, 150 kishi ishlaydi bizda», — deydi u.


Akbar Toshevning ta’kidlashicha, uning issiqxonasida «hamma narsa Koreya texnologiyasi asosida qilingan» va bu texnologiyani ko‘mirga o‘tkazish juda ham murakkab masala.

«Bu yil 1 million dollar pul tikib, issiqxonamning 6 gektarini gidroponikaga o‘tkazgandim. Isroildan uskunalar, Turkiyadan agronomlar keltirib, ularga katta pul to‘laganmiz… Birdaniga olib, bir kunda gazdan olib ko‘mirga o‘tkazib bo‘lmaydi. Birinchidan, ko‘mirning o‘zi yo‘q, ikkinchidan, ko‘mir «kotyol»ni qayerdan olamiz hozir? Bunga vaqt ketadi, ungacha pomidorlarimiz nobud bo‘ladi», — deydi issiqxona rahbari.

Akbar Toshevning so‘zlariga ko‘ra, issiqxonachilardan norozilik bildirib «80 nafarga yaqin odam kelgan, hali kamchilik, ko‘pchilik yo‘lda». Issiqxonalarning vakillari dastlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga borgan, ammo «u yerda hech birorta rahbar ham yo‘q, u yerdan birorta javob ham ololmadik», deydi u.

Romitan tumanidagi boshqa, «Nurlayev Murodjon» kompaniyasi rahbari Gulshan Safarova ham uning Koreya texnologiyasi asosida qurilgan va hozirda pomidor ekilgan 1 gektarlik issiqxonasida gaz ta’minoti qayta tiklanmasa, bankrot bo‘lishini ta’kidlamoqda. «Gaz berilmasa, bankrot bo‘laman, davlat kutib turolmaydi-ku, bu yil 70 ming dollar xarajat qilganman… Agar hozir gazni yoqib, issiqlikni ta’minlab berib, o‘simliklarni hosilgacha yetkaza olmasam, kreditimni umuman yopolmayman, qo‘shimcha daromadim ham yo‘q», — deydi u.


«Toshkent gaz masalasi bo‘yicha keldim. Bog‘dorchilik agentligiga kirdik, hech kim bizni eshitishni ham xohlamadi. Davlatimiz rahbaridan yordam so‘rab keldik-da», — dedi Gulshan Safarova.

Avvalroq «Kun.uz» bilan suhbatlashgan qashqadaryolik issiqxona egasining qayd etishicha, issiqxonalar va hududiy gaz ta’minoti korxonalari o‘rtasida imzolanadigan namunaviy shartnomalarga issiqxonalarning zarariga ishlaydigan band qo‘shilgan. «Ya’ni, (shartnomaning 2.7-bandi)ga ko‘ra, aholini gaz bilan ta’minlashda muammo yuzaga keladigan bo‘lsa, ta’minotchi istalgan vaqtda iste’molchini gaz tarmog‘idan uzib qo‘yishga haqli. Bu „shablon“ qilib qo‘yilgan shartnoma. Uni o‘zgartirishga rozi bo‘lishmagan. Shu shartnomani imzolasak, gazga ulab berishlarini aytishgan. Majbur rozi bo‘lganmiz», — deydi issiqxona egasi.

Vazirlar Mahkamasi vakillari bilan uchrashuv

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining mas’ullari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining faollar zalida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida issiqxonalarning egalari muammolar haqida fikr bildirib, takliflarni o‘rtaga tashladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, yo gaz ta’minotini zudlik bilan qayta tiklash kerak, yoki kreditlar bo‘yicha banklarga amalga oshiriladigan to‘lovlarni bahorgacha muzlatib qo‘yish lozim. Shuningdek, metan gaz-zapravkalarini «kun ora» ishi tartibiga o‘tkazish yoki soat 22:00 dan 6:00 gacha issiqxonalarni, qolgan vaqtlarda esa gaz-zapravkalarni gaz bilan ta’minlash haqidagi takliflar ham bildirildi.

Vazirlar Mahkamasi va «O‘ztransgaz» kompaniyasi vakillari ushbu masala yuzasidan bosh vazirga taklif tayyorlanib, kiritilishini bildirdi. Agar gaz ta’minoti bugun tiklanmasa, tadbirkorlar ertaga yana hukumat binosi oldida to‘planib, norozilik bildirilishini ma’lum qildi.

Qayd etish joiz, «Gazeta.uz» muxbiriga hukumat vakillari va tadbirkorlar o‘rtasidagi uchrashuvni suratga tushirishga ruxsat berilmadi.

Energetika vazirligi 24 oktabr kuni bayonot bilan chiqib, issiqxonalarni yana bir bor kuz-qish mavsumida gaz o‘rniga muqobil yoqilg‘i manbalaridan foydalanishga chaqirgan, bu masala ular bilan tuzilgan shartnomalarda ko‘zda tutilganini eslatib o‘tgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning aprel oyida «O‘zbekneftgaz» 2020 yildan ayrim kompaniyalarga gaz uzatishni to‘xtatish uchun ularga muqobil yoqilg‘iga o‘tishni taklif qila boshlagandi. O‘shanda «Gazeta.uz»ga issiqxona xo‘jaliklari egalari bunday taklifning salbiy oqibatlari haqida ma’lum qilgandi. «Sanoat qozonlari juda qimmat. Oddiy hisoblagich 5000 dollar, qozon va tizim 50 ming dollar turadi. Ularni keyin nima qilish kerak? Metallolomga tashlash kerakmi?» — degandi tadbirkorlardan biri.

Energetika vazirligi esa «Gazeta.uz»ning mazkur maqolasiga javob qaytargandi. Vazirlik O‘zbekiston uchun gazdan yoqilg‘i emas, balki xom ashyo sifatida foydalanish foydaliroq ekanini qayd etgandi.