O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «to‘siqsiz muhit»ni shakllantirish borasida yetarlicha muammolar mavjud. Ularni bartaraf etish davlat islohotiga kirmaydi, aksincha, majburiyatdir. Bu haqda 21 oktabr kuni Senat Kengashi majlisida yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Senat raisining aytishicha, mamlakatda nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ishlari mutlaqo yangi bosqichga olib chiqilmokda. U misol tariqasida prezident tomonidan imzolanayotgan qaror va farmonlar, 2021 yili O‘zbekistonda «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyaning ratifikatsiya qilinganini qayd etdi.

Foto: Senat matbuot xizmati.

«Birinchi navbatda bunday shaxslar, ularning soni, nogironlik darajasi to‘g‘risida aniq ma’lumot va tasavvurga ega bo‘ldik. Shuningdek, nogironlikni qayd etish bilan bog‘liq murakkab byurokratik jarayonlar bartaraf etilmoqda. Nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy hayotga integratsiya qilish bo‘yicha sezilarli ishlar qilinmoqda. Shu bilan birga, mazkur sohada, ayniqsa, xalqaro mezonlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatda «to‘siqsiz muhit»ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bu borada yetarlicha muammolarimiz bor», — dedi senat raisi.

Unga ko‘ra, transport, ovqatlanish shoxobchalari, xizmat ko‘rsatish obyektlari, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar yaratilmagan. «Albatta, bu vazifa ham bir-ikki kunda qilinadigan ish emas. Lekin bu yo‘nalishda amaliy harakatlarni boshlash vaqti allaqachon kelgan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Tanzila Narbayevaning aytishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda 800 mingdan ziyod nogiron insonlar yashaydi. Ular yuqorida qayd etilgan muammolar bilan har kuni o‘z hayotida duch kelmoqda.

«Joriy yilining fevral oyida Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi majlisi doirasida ham mazkur muammolarga to‘xtalib o‘tgandik. Ayniqsa, jamoat transportidagi noqulayliklar, jumladan, metropolitendan erkin foydalanishdagi to‘siqlar, uning qaysi bekatlari moslashtirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar yetishmasligi va boshqa qator muammolar muhokama qilingandi. Lekin yaqinda yakunlangan o‘rganish ishlari ham mazkur masalalar haligacha dolzarb bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Senat raisi Kengash yig‘ilishidan har bir vazirlik va idora xulosa chiqarishi, muammolarni bartaraf etish uchun zarur barcha imkoniyatlarni ishga solishi zarurligini aytdi.

«Menga taalluqli masala emas ekan, degan fikr bilan ketish kerakmas. Har bir tashkilot bu boradagi o‘ziga tegishli masalalarni reja asosida amalga oshirmasa, har yili yig‘ilish o‘tkazib, muammoni qayd etib o‘tiraveramiz. Asosiy maqsadimiz nogironlarni chekkaga chiqarib qo‘yish emas, ularga davlat sifatida sharoit yaratib berish. Aslida nogironlar uchun sharoitlar yaratish islohotga kirmaydi, bu — bizning majburiyatimiz. Agar ularning salohiyatini oshirishi, qiziqishlari bilan shug‘ullanishi, o‘qishi, yashashi, erkin harakatlanishiga imkoniyatlar yaratsak, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi», — dedi Tanzila Narbayeva.

Avvalroq mazkur yig‘ilishda Toshkentdagi ijtimoiy sohalarga taalluqli obyektlarning 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagani haqida so‘z borganini ma’lum qilgan edik.