Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Bandixon tuman hokimligiga Skoda Kodiaq Ambition xizmat mashinasini xarid qilish uchun 429 mln so‘m o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi bekor qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xarid bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, shunday xulosaga keldi.

Aniqlanishicha, haqiqatdan ham Surxondaryo viloyati hokimligining 2022 yil 18 oktabrdagi 23−8−0-F/22-sonli farmoyishi bilan viloyat budjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Bandixon tumani hokimligiga bir dona Skoda Kodiaq Ambition rusumli xizmat avtotransport vositasi xarid qilish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun 429 mln so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 258-son qaroriga muvofiq Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari tasdiqlangan.

Mazkur me’yorlarga ko‘ra tuman va shahar hokimliklarining rahbarlariga sotib olishga ruxsat etilgan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi BHMning 1000 barobari (300 mln so‘m), rahbar o‘rinbosarlariga esa 700 barobari (210 mln so‘m) etib belgilangan.

Keltirilishicha, Bandixon tumani hokimligiga sotib olinishi rejalashtirilgan xizmat avtotransportining narxi yuqorida qayd etilgan me’yorlarga zid. Bu mashinaning sotib olinishi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori talablariga rioya qilinmasligini keltirib chiqaradi.

Antikorrupsiya agentligi Surxondaryo viloyati hokimligiga viloyat hokimining 2022 yil 18-oktabrdagi 23−8−0-F/22-son farmoyishini bekor qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi va viloyat hokimining farmoyishi bekor qilindi.

«Gazeta.uz» yirik vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishini aniqlagani haqida xabar bergandi.