22 oktabr kuni soat 04:55 da Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligi omborida yakka tartibda portlash kuzatilgani haqida yozgandik. SSV voqea oqibatida 16 kishi jarohat olganini ma’lum qildi. FVV esa portlash natijasida aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararni aniqlanayotganini qayd etdi.

Sirdaryo viloyati hokimligi shanba kuni soat 23:11 da harbiy qism yaqinida joylashgan mahallalar to‘liq qamrab olinib, xatlovdan o‘tkazilganini xabar qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra 3742 ta turar va noturar joylarning tomi, shifti, deraza va eshik romlariga qisman talafot yetgani aniqlandi.

Shu kunning o‘zidayoq «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam voqea sodir bo‘lgan Sirdaryo tumanida borib, ombor atrofidagi hududlardan fotoreportaj tayyorladi.

Portlash sodir bo‘lgan harbiy qism.

«800 kvadratga yaqin oyna sinibdi»

Malik aholi punktiga ketarkanmiz, yo‘llarda odamlarning ko‘pligi va qiz-ayollar uyining ko‘cha tarafini tozalayotganini ko‘rdik. Oynalari singan binolar ham ko‘zimizga tashlandi, deya so‘zlab berishdi muxbirlar.

Harbiy qismdan 3−4 km uzoqlikdagi «Baxt yuksalish» paxtachilik klasteri binosining ko‘cha tarafdagi singan oyna va derazalari har qanday yo‘lovchining e’tiborini tortishi shubhasiz.

«Harbiy hudud va uyimiz oralig‘idagi masofa 10 km. Ertalab soat 05:00 larga yaqin gumburlagan ovoz eshitildi. Xonadonimdagi hech narsaga zarar yetgani yo‘q. Ammo siz ko‘rib turgan ushbu korxonamizdagi oyna va derazalarning ko‘pi shikastlandi, shiftlar ko‘chib tushdi. Hisobalasak, 800 kvadratga yaqin oyna sinibdi. Kompyuter va printerlar ham kuyib, ishdan chiqdi. Hokimiyat vakillari kelib, shikastlangan joylarni rasmga olib ketishdi. Buncha zarar davlat tomonidan qoplanib beriladimi, yo‘qmi bilmayman?!», — dedi klaster rahbari Ilyos Kenjayev.

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, u mazkur binoni to‘rt yil avval sotib olgan. O‘tgan vaqt ichida bunday portlash holati sira kuzatilmagan.

«Bugungi voqea oqibatida tuman markazidagi ko‘plab xonadonlar va binolarning oynalari, eshik-derazalari singani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Internetda tarqalgan videolarni ham ko‘rdik. Lekin oldin bunday holat umuman bo‘lmagandi», — dedi u.

«Xayolim harbiy qismdagi yigitlarning ahvolida»

70 yashar Mavluda aya Zohidovaning ta’kidlashicha, holat sahar soat 05:00 lar chamasi ro‘y bergan.

«Harbiy qism bizga juda yaqin, ko‘rinib turadi. Bu yerda 45−50 yildan beri yashaymiz, bunaqa voqeani hech ko‘rmaganmiz. Portlash judayam kuchli bo‘ldi. Birinchi yer qimirladi, keyin kuchli ovoz eshitildi. Derazalar sinib, shiftlar tushib ketdi. Asosiysi tirik qoldik. Mahallamizda kimdir jabrlangani haqida eshitmadik», — dedi u.

Zararni davlat qoplab beradi

Onaxonning qayd etishicha, hokimiyat xodimlari uyma-uy yurib, zararlar qoplanishini aytmoqda.

«Xavotir olmang, o‘zimiz qilib beramiz, zararlar qoplanadi, deyishdi. Singan joylarni rasmga tushirib, o‘lchab ketishdi. Xudoga shukr, biz sog‘-omonmiz. Lekin harbiy qismdagi harbiylar nima bo‘ldi ekan? Hayolim ularning ahvolida», — dedi Mavluda Zohidova.

«To‘rt-beshta narsa ketma-ket portladi»

Aholi bilan suhbatlashib, katta ko‘chaga chiqarkanmiz, yo‘l chetidagi yuk mashinalari soyasida ovqatlanayotgan kishilarning ham fikrlarini eshitishga qiziqdik. Ular turkiyalik haydovchilar bo‘lib, ko‘p yildan buyon Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Turkiyaga qushlar uchun ozuqa yetkazib berish bilan shug‘ullanarkan.

«Turkiyaning Adana shahrida yashayman. Ajdodlarim asli qoraqalpog‘istonlik. 2007 yildan beri O‘zbekistonga qatnayman. Sirdaryoning bu hududiga kecha soat 17:00 da kelgandik. Bir sherigimizni kutib, shu yerda qolib ketdik. Men boshqaradigan mashinaning old tarafi harbiy qism tomonga qaratilgan edi. Ertalab osmon birinchi yorug‘ bo‘lib ketdi, keyin juda kuchli yer qimirlab, gumburlagan ovoz eshitildi. Tepaga qizil-qizil narsalar uchib, pastga tushdi, so‘ngra osmon tutunga to‘ldi. Keyin to‘rt-beshta narsa ketma-ket portladi», — dedi Zekeriye Go‘k.

Zekeriye Go‘k.

U savollarimizga o‘zbekcha-turkcha aralash javob berarkan, hech qachon bunday holat guvohiga aylanmaganini bildirdi.

«Biz ko‘chada turganimiz uchun ikki tomondagi yuzlab uylardan oynalarning singan ovozi eshitildi. O‘sha paytdagi shovqinlarni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Keyin pastga tushdim. Shu atrofda yashaydigan bir erkak oldimizga kelib, nima bo‘layotganini so‘radi. Biz esa hech narsadan xabarimiz yo‘qligini aytdik. Uning yuzlari qon edi. Adashmasam, oyna siniqlari yuziga tushib, lat yetkazgandi», — dedi u.


Axborot olishning imkoni bo‘lmadi

Yo‘l-yo‘lakay yana bir qancha odamlarni savolga tutdik. Ular «siyosatga aralashmasligi»ni ta’kidlab, javob berishni xohlamadi. Aholi tumandagi 1-umumta’lim maktabi, hokimlik binosi va bir qancha katta obektlarga zarar yetganini ma’lum qildi.

1-umumta’lim maktabidagi holatga qiziqib, muassasa tomon yo‘l oldik. Afsuski, maktab direktori holatni izohlashdan bosh tortdi, oynalari singan derazalarni suratga olishga ruxsat bermadi. U tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘idan rozilik olishimiz yoki u yerdagi biror xodim bilan maktabga kelishimizni aytdi.


Shundan so‘ng tuman XTB binosiga bordik. O‘zini XTB boshlig‘i o‘rinbosari, deb tanishtirgan kishi ham holat haqida gapirishga va maktabni tasvirga tushirishimizga ko‘nmadi. Yarim soat vaqtimiz axborot olish maqsadida sarsongarchilikda o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi soat 09:14 da e’lon qilgan bayonotida hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga joylashtirilganligi to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Xususan, ulardan 5 nafari shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ekanligi, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatilgani aytilgandi.

Biz bemorlarning tushlikdan keyingi ahvoli qandayligi, kasallik bosqichi qay darajada ekanligiga aniqlik kiritish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga bordik. O‘zini xavfsizlik xodimi, deb tanishtirgan erkak jabrlanganlar ichida oddiy aholi yo‘qligi, ularning hammasi harbiyligini aytdi. Qolaversa, mazkur kasalxonada bemorlar yo‘qligi, jabr ko‘rganlar Toshkent shahrida joylashgan harbiy gospitalda ekanligini ma’lum qildi. Afsuski, bu haqda shifoxonadagi rahbariyat yoki shifokorlardan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Mahalliy taksida Sirdaryo tumanidan poytaxtga qaytar ekanmiz, haydovchi voqea borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Televizorda atom bombasi yerga tushib, keyin qizil olov qo‘ziqorin holatida bo‘lganini ko‘ramiz-ku, bu voqeada ham huddi shunday manzara bo‘ldi. Keyin to‘lqin kelib, oynalarni sindirib, shiftlarni tushirib yubordi. Hozir internetda vafot etganlar yo‘q, degan xabarlarni o‘qidim. Lekin men bunga ishonmayman. Portlash to‘lqini buyog‘i Chinoz, uyog‘i Yangiyer tumanlarigacha yetib boribdi. Qanday qilib, harbiy qism ichidagi xodimlarga hech nima qilmasligi mumkin?», — dedi ismi sir tutilishini iltimos qilgan haydovchi.