O‘zbekistonda shanba kuni havo iliq bo‘ladi, yakshanba kuni esa yomg‘ir yog‘adi va harorat yana pasayadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

21 oktabr kuni havo kam bulutli va biroz iliq bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati +23…+25 darajagacha ko‘tariladi.

22 oktabr kuni Turkmanistondan iliq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo bo‘ladi, harorat foni yana ko‘tariladi va kechasi +7…+12 daraja iliq, kunduzi havo +25…+27 darajagacha, janubda +29 darajagacha isiydi.

Shimoliy hududlarga esa Volga bo‘yidan antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘adi, buning hisobiga ushbu hududlar bo‘yicha kunduzi havo harorati +13…+15 darajagacha pasayadi.

Yakshanba kuni respublikaning aksariyat hududlarida havo bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

Havo harorati kechasi +9…+14 daraja, kunduzi esa +12…+15 darajagacha pasayadi, bu ushbu kunning o‘rtacha iqlimiy me’yoridan 8−10 darajaga pastdir.

21−22 oktabr kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 23 oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda.