O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Termiz shahar hokimiyatining sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksi 167, 205 va 209-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Bugungi kun holatiga Termiz shahar hokimiyati sobiq mansabdor shaxslari tomonidan davlat va jamiyat hamda tadbirkorlarning manfaatlariga 35,6 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan, deyiladi xabarda.

Shu sababli, joriy yil 24 sentabr kuni Termiz shahar sobiq hokimi, keyinchalik uning 2 nafar o‘rinbosari va jinoyatga aloqador boshqa 8 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.

Avvalroq “Gazeta.uz"ning maxsus muxbiri Abror Qurbonmuratov Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, hokimning sobiq birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanov, hokimning qurilish bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulov, shahar arxitektori, “Yashil dunyo” savdo majmuasi loyihachisi, rahbari va quruvchisi hibsga olinganini ma’lum qilgan edi. Ularning “Yashil dunyo” savdo majmuasi qurilishi davomida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgani xabar qilindi.