O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini 21 oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan tabriklab, ko‘p millatli xalqqa umumiy farovon kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Ko‘plab mamlakatlarda bu go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.

«Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarni izchil davom ettirish lozim», — deya ta’kidladi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yoshlarning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.

Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.

«Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur».

«Shu ma’noda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan bebaho lug‘at kitobini yaratgan ma’rifatparvar bobomiz Ishoqxon Ibratning: „Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu Vataniy ishdir“, degan hikmatli so‘zlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yo‘limizni yoritadigan mayoq bo‘lib xizmat qilishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.