Yaponiyaning Nagoya shahrida 17 oktabr kuni mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash markazi ochildi, deb xabar berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati. Marosimda vazir Nozim Xusanov boshchiligidagi mamlakatda bo‘lib turgan vazirlik delegatsiyasi ishtirok etdi.

Mazkur markazda O‘zbekiston fuqarolariga maslahat va huquqiy yordam ko‘rsatiladi. U Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va «Nagoya — O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati hamkorligida ochildi.

Bundan tashqari, 19 oktabr kuni Mehnat vazirligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va yirik ish beruvchi — Haneda Turtle Service logistika kompaniyasi vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekiston fuqarolarini mazkur tashkilotga ishlashga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.