16 oktabr kuni Toshkent shahri Mirobod tumanida chaqiruvga kelgan «Tez yordam» xodimi va haydovchisi kaltaklangani xabar qilingandi. Hodisa oqibatida jiddiy tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tegishli muolajalarni olayotgan haydovchi I.H.ga «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan topshirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, vazir Behzod Musayev neyroxirurgiya bo‘limida davolanayotgan ushbu bemor holidan xabar oldi. Dastlabki tekshiruvlar natijasida unga «Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi» tashxisi qo‘yilgan.

«Afsuski, keyingi paytlarda o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan shifokor va hamshiralar, ayniqsa, „Tez yordam“ xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari tez-tez uchramoqda. Aholining sog‘lig‘ini himoya qilishda o‘zini ayamay jon kuydirayotgan tizim xodimlariga tajovuz qilgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilanishi ustida ishlanmoqda. O‘ylaymanki, qonunchilikka kiritilayotgan bu o‘zgarishlar soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim asos bo‘ladi», — dedi Behzod Musayev.

Vazir bemor bilan muloqot davomida unga tezroq sog‘ayishini tilab, mushtumzo‘r fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

«Suhbat davomida bemor o‘z holidan xabar olgani kelgan vazirga alohida minnatdorlik bildirib, 64 yoshga kirganiga qaramay, xalq salomatligi yo‘lida g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishdan tolmasligini, otasi tengi insonga, qolaversa, tibbiyot brigidasi tarkibida chaqiruv manziliga borgan shifokor ayolga qo‘l ko‘targan kimsa esa qonun oldida javob berishiga qat’iy ishonishini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Muloqot so‘ngida o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyat bilan yondashib, muhim daqiqalarda tezkorlik va professionallik sifatlarini namoyon etgan tez tibbiy yordam brigadasi xodimiga «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni berildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan 4 kun avval Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida xizmat vazifasini o‘tayotgan «Tez yordam» xodimi kaltaklangandi. SSV shifokorlarning hozirgi ahvoli haqida ma’lumot berib, holatni o‘z nazoratiga olganini qayd etgandi. Bosh prokuratura esa tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.