Yeyskda Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyotining qulashi oqibatida 13 kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Yana 19 kishi yaralandi, ulardan besh nafari ham bola, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktabr kuni kechqurun Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Yeysk shahridagi turar-joy binosi hovlisiga tovushdan tez uchuvchi Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyoti qulab tushgan. Shundan so‘ng, yong‘in ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidan beshinchi qavatigacha qamrab olgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi avvalroq xabar berganidek, harbiy samolyot «Janubiy harbiy okrug harbiy aerodromidan o‘quv parvozi uchun» ko‘tarilish chog‘ida halokatga uchragan. Uchuvchilar katapulta qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Ularning ta’kidlashicha, halokatga dvigatellardan birining yonishi sabab bo‘lgan.

Su-34 halokati yuzasidan parvoz yoki ularga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.