BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) 14 oktabr kuni o‘smirlarning psixologik salomatligiga oid O‘zbekiston tarixidagi ilk tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Tadqiqot o‘spirinlarning ehtiyojlarini, ularning ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy farovonligiga ta’sir qiluvchi maktab bilan bog‘liq omillarni yaxshiroq tushunish maqsadida mart-may oylarida o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va mamlakatning barcha viloyatlaridagi 299 ta maktabning 6-, 9- va 11-sinflarida ta’lim oluvchi 22 854 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

«O‘smirlik davri katta imkoniyatlarni ochib beradi va shu bilan birga ruhiy salomatlik va farovonlik bilan bog‘liq xavflarning ortishi tufayli alohida e’tiborni ham talab qiladi. Bu o‘smir yoshdagi bolalarning o‘rganish, qarorlar qabul qilish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga ta’sir qiladi», — dedi YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

O‘smirlarning ruhiy salomatligiga nimalar ta’sir qiladi?

Tadqiqot o‘smirlarning ruhiy salomatligiga ta’sir qiluvchi asosiy himoya va xavf omillarini aniqladi. Shuningdek, o‘quvchilar va ota-onalardan yordam so‘rashda eng ko‘p tarqalgan to‘siqlar — tortinchog‘lik, qolaversa, ruhiy salomatlik masalalari bo‘yicha jamoatchilik resurslarining yetishmovchiligi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

«Maktablar akademik ta’lim tuzilmalari bo‘libgina qolmay, ko‘plab o‘spirinlar eng ko‘p vaqtini o‘tkazadigan joydir. Binobarin, maktablar himoya qiluvchi, qolaversa, o‘smirlarning ruhiy salomatligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xavf omillari ham bo‘lishi mumkin», — dedi Xalq ta’limi vazirligining O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining direktori Liliya Gaynutdinova.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har 7 nafar o‘smirdan biri ruhiyat buzilishlaridan aziyat chekadi, ularning orasida bezovtalik va ruhiy tushkunlik (depressiya) yetakchilik qiladi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilarning 15,4 foizi — o‘rtacha va o‘ta og‘ir bezovtalik hamda 9,8 foizi — depressiyadan qiynalmoqda. Ularning orasida ota-onasi uydan kamida bir oy uzoqda yashagan o‘quvchilar, qolaversa, ishlayotgan maktab o‘quvchilari va qizlar ulushi ko‘p. Ishlaydiganlar o‘smirlarning 5 foizini tashkil etdi. Bu tendensiya 11-sinflar orasida ko‘proq namoyon bo‘ldi.

O‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizlarning ko‘pchiligining aytishicha, ularning oilasidagi munosabatlari qoniqarli, biroq ularning deyarli 9 foizi maktab yoki do‘stlik bilan bog‘liq masalalarda oilasi tomonidan yordamni his qilmagan. Mos ravishda garchi o‘smirlarning ko‘pchiligi hayotning turli jabhalari (yashash joyi, oilasi, o‘zlari)da qoniqish his qilsada, 10% o‘smir yoshidagilar maktab va do‘stlik tajribasidan qoniqmaydi.

O‘quvchilarning 10 foizdan ortig‘i ijtimoiy aloqaning yetishmovchiligi va izolyatsiyani boshdan kechirmoqda: Har 10 dan biri (8,7%) o‘zining maktabi bilan aloqani his qilmaydi, undan ham ko‘prog‘i (13,1%) maktabning bir qismi ham bo‘lmagan yoki sinfda (16,7%) o‘zini yolg‘iz his qilgan. Bu ularning tengdoshlari haqidagi umumiy tasavvurlari va bir-biri bilan qanday munosabatda bo‘lishi ekanligiga mos kelmoqda.

O‘quvchilarning 85 foizdan 89 foizga bo‘lgan qismi o‘qituvchilari va ular bilan muloqot haqida ijobiy fikr bildirdi. Qolganlari o‘qituvchilar va ularning o‘quvchilarga bo‘lgan munosabatini salbiy baholadi.

Maktab o‘quvchilari qiyin vaziyatlarda ishonchli vakil sifatida yordam so‘rash uchun dastlab ota-onasini (77%), keyin do‘stlarini (55%) va boshqa qarindoshlarini (21%) ko‘rsatdi. Ushbu ro‘yxatda maktab psixologlari oxirgi o‘rinni egalladi: o‘g‘il va qiz bolalarning atigi 17 foizi ularga yordam so‘rab murojaat qilishini aytdi.

O‘smir o‘g‘il va qizlarning 18 foizi o‘z maktablarida o‘quvchilar tez-tez janjallashadi deb biladi, 13 foizi esa millati, oilaviy iqtisodiy ahvoli yoki boshqa sabablarga ko‘ra masxara qilinadi deb hisoblaydi. Umuman olganda, o‘quvchilarning xavfli, shafqatsiz va kamsituvchi xatti-harakatlari tufayli maktab xavfsiz emas deb hisoblaydigan 10 dan 1 dan 2 nafargacha bo‘lgan o‘quvchilarning doimiy foizi mavjudligi haqiqatga yaqin, deyiladi hisobotda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 pandemiyasi va o‘zini izolyatsiya qilish o‘spirinlarni yanada yolg‘izlantirdi hamda ular o‘zining va oila a’zolarining sog‘ligi haqida ko‘proq qayg‘ura boshladi. Shunga qaramasdan, COVID-19 pandemiyasining umumiy tajribasi ham ijobiy, ham salbiy bo‘ldi.

Liliya Gaynutdinova «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida mamlakat aholisining yuqori migratsiyasi omili bolalarning psixologik salomatligi va farovonligiga ta’sir etishini qayd etdi. «Ko‘pchilik katta yoshdagilar ishlashga ketishadi va farzandlarini qarindoshlari bilan qoldirishadi. Ota-ona qo‘lida tarbiyalangan boshqa, amaki yoki xolaniki esa umuman boshqa. Bu bolalarga qattiq ta’sir qiladi», — dedi u.

U muhimligi jihatidan kam bo‘lmagan yana bir omil sifatida ijtimoiy tarmoqlarni tilga oldi. Ota-onalar ko‘pincha farzandining telefonda nima qilayotganiga qarashmaydi va bolalar unga qanchalik qaram bo‘lib qolganini ham sezishmaydi.

Xulosa va tavsiyalar

So‘rov ishtirokchilari ularning ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy farovonligini yaxshilashi mumkin bo‘lgan himoya omillarini sanab o‘tdi. Ulardan asosiylari — ijobiy oilaviy munosabatlar, sifatli do‘stlik va ijtimoiy aloqalar, inklyuziv hamda qo‘llab-quvvatlovchi o‘qituvchilar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar nisbati va zamonaviy o‘qitish usullari nuqtai nazaridan yaxshi maktab sharoitlari, shuningdek, darsdan tashqari mashg‘ulotlarda qatnashishdan iborat.

Eng keng tarqalgan xavf omillari — oiladagi mojaro yoki zo‘ravonlik, oilaviy muhitda umumiy muloqot va o‘zaro tushunishning yetishmasligi, do‘stlar yetishmovchiligi yoki yuzagi do‘stlik aloqalari, qo‘llab-quvvatlamaydigan o‘qituvchilar, akademik bosim, qo‘rqitish, maktabning yomon sharoitlari, ekran oldida ortiqcha o‘tkazilgan vaqt, kambag‘allik va ota-onalar migratsiyasi.

Hisobotda maktablardagi ruhiy salomatlik tadbirlari, shuningdek, boshqa tarmoqlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan keltirilgan. Ularning orasida quyidagilar mavjud:

  • o‘smirlar va ota-onalar uchun ogoh bo‘lishga undaydigan holatlar, xavf va himoya omillari to‘g‘risida bilimlarni oshirish uchun maktablarda ruhiy salomatlik to‘g‘risida xabardorlikni oshirish;
  • ruhiy salomatlik savodxonligi bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish;
  • maktab psixologlarining salohiyatni oshirish va maslahat berish usullarini yangilash bo‘yicha ularning malakasini oshirish;
  • ruhiy salomatlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun ilmiy asoslangan maqsadli dasturlarga sarmoya ajratish;
  • qulay oilaviy muhitni yaratishga ko‘maklashish;
  • maktablar bilan mahallalarning hamkorligini kengaytirish.

Tibbiyot xodimlari ham muammolarga duch kelishmoqda

Birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining ruhiy salomatligi ham ancha vaqtdan beri davom etib kelayotgan va yetarlicha e’tibor qaratilmayotgan masaladir, deyiladi tadqiqot natijalari taqdimotida. Ma’lumotlarga shuni ko‘rsatmoqdaki, birlamchi bo‘g‘in sog‘liqni saqlash xodimlarining uchdan ikki qismidan ko‘pi stress, o‘tkir bezovtalik, umidsizlik, charchoq, hissiy zo‘riqish, ruhiy tushkunlik va depressiyani boshdan kechiradi.

YUNISEF tibbiyot xodimlari uchun raqamli platformani ham taqdim etdi. U ish hajmi va stressning ko‘payishi natijasidagi hissiy zo‘riqishning oldini olish va uni bartaraf etish uchun muhim bo‘lgan psixologik yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Platforma Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

«Tibbiyot xodimlariga inqiroz vaqtida g‘amxo‘rlik qilish maqsadida ishga tushirilgan ushbu platforma tibbiyot xodimlariga ruhiy salomatlik va sog‘lomlashtirish bo‘yicha individual virtual yordam imkonini beradi hamda sog‘liqni saqlash xodimlarining ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash vositalarini taklif qiladi», — dedi SSVning Fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, uzluksiz, oliy va o‘rta ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Gulnora Yusupaliyeva.

YUNISEF shuningdek, o‘smirlar, ota-onalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlariga salomatlik, gigiyena, ruhiy salomatlik, yo‘lda va internetdagi xavfsizlik, ota-ona tarbiyasining ijobiy usullari hamda boshqalar bo‘yicha maslahatlar beruvchi «Yaxshi narsalar interneti» platformasini taqdim etdi.