Aloqa

Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan huquqni himoya qilish tashkilotlari aloqa raqamlari:

Tong Jahoni migrantlarga yordam tashkiloti (Facebook-sahifasi), rahbari — Valentina Chupik, telefon raqamlari: +7 (903) 148 96 36, +7 (926) 834 76 02.

“Rus sidyashaya” qamoqxonalardagilarga yordam ko‘rsatish tashkiloti (zekovnet.ru), katta ekspert — Ruslan Vaxapov, telefon: +7 (999) 797 23 20.

Kuch va fuqarolik bilan aldov

Tong Jahoni muhojirlarga yordam beruvchi notijorat tashkiloti rahbari Valentina Chupikning aytishicha, 21 sentabrdan beri Rossiya Donbassdagi “maxsus harbiy operatsiya"da ishtirok etish uchun aholining “qisman” safarbar qilinishini e’lon qilganidan beri unga har kuni Ukraina bilan urushga yollashga urinayotgan yoki allaqachon yollangan muhojirlardan yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli yo‘llar bilan: ixtiyoriy ravishda, yolg‘on va jismoniy ta’sir orqali yollashga urinishmoqda.

“Agar ilgari ular asosan ixtiyoriy ravishda, to‘lovlar, kompensatsiyalar va Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini taklif qilishgan bo‘lsa, endi shartlar o‘zgardi. Migrantlar tobora ko‘proq jismoniy va firibgarlik vositalari bilan majburlanmoqda. Odamlarga imzolash uchun turli xil migratsiya hujjatlari, jumladan, urushda ixtiyoriy ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnoma ham beriladi”, — dedi Valentina Chupik.

Tong Jahoni`ga yuborilayotgan odatiy maktublar mazmuni quyidagicha ko‘rinish olgan: “Meni shartnoma imzolashga ko‘ndirishmoqda/qo‘rqitishyapti, nima qilishim kerak?” Bunday arizalar umumiy miqdorning uchdan ikki qismini tashkil qilmoqda. Taxminan uchdan bir qismi: “Men chaqiruv oldim, nima qilishim kerak?” degan mazmunda bo‘lsa, kamroq qismida: “Men shartnoma imzolaganga o‘xshayman, nima qilishim kerak?” — deyiladi.

Valentina Chupik. Foto: Kloop

Hozir tashkilot kuniga 200 ga yaqin odamga qo‘ng‘iroq qiladi. Qo‘ng‘iroqlar sonining eng yuqori nuqtasi sentabr oyining so‘nggi kunlariga to‘g‘ri keldi, o‘shanda kuniga kamida 900 kishi qo‘ng‘iroq qilgan. Qo‘ng‘iroq qilganlarning 70 foizi allaqachon Rossiya fuqaroligiga ega, 30 foizi esa yo‘q.

Yordam so‘rab murojaat qilganlarning aksariyati, aniqrog‘i jami murojaat qiluvchilarning 40 foizga yaqini Qirg‘izistondan bo‘lib, keyin Tojikistondan — 30 foizi, uchinchi o‘rinda — 25 foizga yaqini O‘zbekistondan. Yana 5% Armaniston, Moldova va Turkmaniston kabi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan o‘zbekistonlik migrantlardan har kuni 10−12 kishi murojaat qiladi”, — deydi Valentina Chupik.

5 oktabr kuni u “eng qayg‘uli va eng dahshatli voqea” sodir bo‘lganini aytdi. 1000 nafar o‘zbekistonlik muhojir Mariupoldagi vayronalarni tozalashga borish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Ular Moskva viloyatida kam maosh olishgani, keyin esa brigadirlari qo‘shimcha pul ishlash imkoniyatini topganini aytishgan.

“Yigitlar menga qo‘ng‘iroq qilishib, allaqachon Mariupolga boradigan avtobusda o‘tirganlarini va u yerda vayronalarni tozalashlarini aytishdi. Men darhol ularga o‘sha yerda vayronalarni o‘z tanalari evaziga tozalashlari, chunki u yerda hamma yoq minalanganini aytdim. Nega ular umuman o‘ylashmadi? Tashkilotda juda xafa bo‘ldik va yig‘ladik”, — dedi Valentina Chupik “Gazeta.uz” bilan suhbatda.

Huquq himoyachisining o‘zi ham Rossiyani tark etganidan keyin faoliyati uchun bir necha bor tahdidlarga uchragan, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, hozir tahdidlar vaqtinchalik bosilganini qayd etdi.

“Bundan oldin ular kuniga 70 marta qo‘ng‘iroq qilishdi, o‘ldirish bilan tahdid qilishdi, ammo oktabr oyida qo‘ng‘iroqlar deyarli to‘xtadi”, — dedi u.

Kameradan okopga — ozodlik uchun

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya urush uchun qamoqda o‘tirgan muhojirlarni ham faol ravishda jalb qilmoqda. Bunday chet el fuqarolariga “Rus sidyashaya” tashkiloti yordam beradi. Faqat so‘nggi bir necha kun ichida u besh nafar O‘zbekiston fuqarosi Donbassga yuborilmagani uchun qamoqxonada qolib ketganini ta’minlay oldi.

“Biz to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosini Yaroslavl viloyatidagi, yana birini — Vladimirdagi qamoqxonaga — eng qiyini bo‘ldi — qaytardik”, dedi “Gazeta.uz"ga tashkilot direktori Olga Romanova.

Vladimirda o‘tirgan O‘zbekiston fuqarosining onasi “Rusi” advokatlariga qo‘ng‘iroq qilib, qamoqdan o‘g‘lidan elektron pochta xabari olganini aytdi.

“Ularda muammo yuzaga kelganda oldindan kelishib olingan kalit so‘z bo‘lgan, masalan: „Ona, salom! Menda hammasi joyida. Furhat boboga ayting, sizni sog‘indim“ qabilida. U darrov yomon narsa bo‘lganini sezgan va tezda bizga murojaat qildi. Biz esa Federal Jazoni ijro etish xizmati va O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qila boshladik”, — dedi o‘zbekistonlik mahkumni qutqarish operatsiyasi haqida “Rus sidyashaya” katta eksperti Ruslan Vaxapov.

Federal Jazoni ijro etish xizmati va koloniyada yuristlar O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, urushga yollanganlik uchun erkak o‘z vatanida yana 15 yil qamoq jazosiga hukm qilinishini aytishdi. Elchixona mahkumning onasidan arizasini qabul qilib, uni olib chiqib ketmaslaridan zudlik bilan aralashdi.

“O‘sha yigitning onasidan elchixonadagi ayol arizani olganida ularga bunday arizalar allaqachon bir necha o‘nlab bo‘lganini aytdi. Ammo elchixonadagi yigitlar baraka topishsin, ularning tezkor harakatlari tufayli fuqaroni joyida qoldirishga erishildi”, — deya aniqlik kiritdi Ruslan Vaxapov.

Ruslan Vaxapov. Foto: zekovnet.ru

Yaroslavl viloyatida qamoqda saqlanayotgan yana to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsxonada qoldirishga muvaffaq bo‘lindi.

“Men Yaroslavl viloyati bo‘yicha Federal jazoni ijro etish xizmatining ichki xavfsizlik bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildim, ular meni yaxshi bilishadi, ular menga: „Ruslan, hech kim hech qayerga ketmaydi“, — deya javob berishdi. Ular keyin o‘zlarining boshi ketishini tushunishadi”, — dedi ekspert.

Birgina Rossiyaning Yaroslavl viloyatidagi qamoqxonalarda sobiq ittifoq respublikalaridan 800 dan ortiq odam bor.

Qonun yozilmagan

Qamoqxonalarda, shuningdek, ozodlikla muhojirlarni yollash ixtiyoriylikdan majburiylikka o‘tmoqda.

“Agar kishining sog‘lig‘i bo‘yicha mos tushsa va „Vagner“ xususiy harbiy kompaniyasi uchun ozgina bo‘lsa ham qiziqish uyg‘otsa, u tahdid va boshqa vositalar bilan shartnoma imzolashga majbur qilinadi. Bunday muhojirlar, masalan, tez orada urushga jo‘natiladiganlar o‘tirgan kazarmaga joylashtiriladi va ular bilan birga so‘zsiz urushga yuboriladi”, — dedi “Rus sidyashaya” yuridik bo‘limi rahbari Olga Podoplelova “Gazeta.uz"ga.

Uning fikricha, qamoqqa olingan muhojirlarni urushga jo‘natish boshlanishi kutilgandi, biroq bu vaqt masalasi edi.

“Bu yerda hech qanday qonuniy asoslar yo‘q, qamoqxonalardagi yollovchilar javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Rossiyada safarbarlik qonunbuzarliklar bilan davom etmoqda, “kulrang zona"da bo‘lganlar haqida nima ham deyishimiz mumkin”, — deb hisoblaydi Olga Podoplelova.

“Rusi” hisob-kitoblariga ko‘ra, 900−1200 kishi bilan to‘la qamoqxonalardan 150−300 nafar Rossiya fuqarosi urushga jo‘natilmoqda. Ikki hafta oldin 10 ming nafar sudlangan rossiyaliklar urushga yollangan edi. Rossiyadagi qamoqxonalarda qancha muhojir borligi noma’lum. 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatdagi mahkumlarning umumiy soni 450 ming kishini tashkil qilgan.

Yollamoqchi bo‘lishsa, nima qilish kerak?

Huquq himoyachisi Valentina Chupik harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolash istagi paydo bo‘lsa, aldansa yoki chaqiriq qog‘ozi topshirilsa, zudlik bilan o‘ziga, shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga murojaat qilishni tavsiya qiladi.

“Men tez yordam mashinasiga o‘xshayman va hech bo‘lmaganda nima qilish, nima qilmaslik kerakligini tushuntiraman. Shuningdek, Rossiyadagi elchixonangizga murojaat qilishni unutmang. Ular sekinroq reaksiyaga kirishadilar, lekin ularning vazni sezilarliroq bo‘ladi, chunki bu xalqaro daraja”, — dedi Valentina Chupik.

Agar O‘zbekiston fuqarolari qamoqdan urushga jalb qilinayotgan bo‘lsa, “Rus sidyashaya"dan Ruslan Vaxapov istalgan vaqtda ular bilan tezda bog‘lanishni maslahat beradi.

“Haftada 7 kun 24 soat qo‘ng‘iroqlar uchun mavjud”, — dedi ekspert.

Qo‘shimcha ma’lumotlar “Rus sidyashaya” sayti va Tong Jahoni tashkilotining Facebook`dagi sahifasida mavjud.