14 oktabr kuni Oliy Majlis Senati va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva «Better Cotton Initiative» (BCI) nodavlat notijorat tashkiloti menejeri Reychel Bekket bilan uchrashdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

«Better Cotton Initiative» — «paxta dalasidan sotuvgacha» bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq a’zosi mavjud bo‘lib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi. BCI keng doiradagi manfaatdor tomonlar bilan ishlash orqali atrof-muhitni muhofaza qilish, fermer xo‘jaliklari samaradorligini va paxta yetishtiriladigan hududlar iqtisodiyotini yaxshilashga hissa qo‘shadi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgani ta’kidlandi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Muloqot davomida O‘zbekiston va «Better Cotton Initiative» o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarimizda kuzatuvchanlik tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar BCIning Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda ta’sis etilishi yuzasidan kelishib olgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oxirida AQSh o‘zbek paxtasini bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan chiqardi. Buning natijasida AQShga paxta eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Biroq, mamlakatda ipak pilla yetishtirishda hamon majburiy mehnat qo‘llaniladi, deya xabar beradi AQSh mehnat vazirligi.

2022 yilning mart oyida Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yilda mamlakatda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor o‘zbek paxtasiga 2009 yilda boykot e’lon qilingandi.