O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari o‘z nutqida jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Hamdo‘stlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy o‘sishga erishish muhimligini qayd etdi. O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar aylanmasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 35 foizga oshgani, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga o‘sganini aytdi. Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, birgina so‘nggi oylarning o‘zida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirilgani haqida gapirdi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

«Mamlakatlarimizning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhimdir», — dedi prezident. U «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» hamda «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘llarini qurish MDHni transqit’aviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga ko‘maklashini ta’kidladi.


O‘zbekiston ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at borasidagi qo‘shma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida kelgusi yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining «Yoshlar innovatsiya tarafdori» shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif qildi.

Majlisda 2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qaror ko‘llab-quvvatlandi. 2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qulladi hamda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga 2023 yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ham ishtirok etdi.