Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona tumani, Xonqiz MFY hududidagi 1 gektar zaxiradagi yerni sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda departament axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, R.X. ismli shaxs 2 nafar fuqaroni ishontirib, zaxiradagi yer maydonini o‘ziniki ekanini aytgan va uni 16 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, tanishlari yordamida hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Gumondor oldindan 6 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi holat Namanganning Kosonsoy tumanida ham aniqlandi. Xabar qilinishicha, fuqaro N.I. boshqa bir fuqaro A.ga tumandagi «Olmazor» MFYdagi 10 sotix zaxiradagi yer maydonini 9 500 AQSh dollariga sotishini aytib, unga tanishlari yordamida ushbu yer maydonida dam olish maskani qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 2 000 AQSh dollari va 11 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, departamentning Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tuman bo‘limi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.M. boshqa bir fuqaro I.ga tumanning «Olg‘a» MFY hududida joylashgan 15 sotix zaxiradagi yer maydonini 2 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, tanishlari yordamida hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.