Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni 3 foiz punktgacha kamaytirish iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

QQS davlat budjeti daromadlarining asosiy manbai hisoblanadi. 2021 yilda ushbu soliq bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetdi, bu umumiy tushumlarning 23,4 foizini tashkil etdi. QQSning 44 foizi sanoat tarmoqlariga, 18 foizi qurilish tashkilotlariga, 13 foizi ulgurji va chakana savdo korxonalariga to‘g‘ri keladi.

Mavjud soliq statistikasi va «Xarajatlar-ishlab chiqarish» jadval ma’lumotlari. Manba: PMTI.

Markaz tahlilchilarining fiqricha, QQS bo‘yicha soliq yuki iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha notekis taqsimlangan. Masalan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5%, qishloq xo‘jaligida salkam 5% bo‘lsa, qurilish va telekommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishida — 79%, chakana va ulgurji savdoda 59%, sanoatda 43% ni tashkil etgan.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo‘yicha tarmoqlararo o‘rtacha nisbiy stavka 24% ni tashkil etdi. Bu QQS ning hozirgi 15% li nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6% ni tashkil etishini anglatadi. (15% * 0,24 = 3,6%).

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning o‘zgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qat’iy nazar ularga barqaror talab mavjud bo‘lgan tarmoqlar (qurilish, savdo-sotiq, ayrim xizmat ko‘rsatish turlari)ga xos. Ularning hissasiga iqtisodiyot bo‘yicha ishlab chiqarishning (YAIM va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha) atigi 15%i, ishchilarning 14%i to‘g‘ri keladi. Ushbu guruhning o‘ziga xos xususiyati tashqi muhitga eng kam bog‘liqlik darajasidir.

Soliq yukining o‘rtacha darajasi qazib olish va qayta ishlash sanoati uchun xarakterlidir. Ushbu tarmoqlarga iqtisodiyotda YAIMning to‘rtdan bir qismi to‘g‘ri keladi. Mazkur tarmoqlar jahon iqtisodiyoti bilan eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan tarmoqlardir. Chunki oraliq importning 83% dan ortig‘i va umumiy eksport hajmining 2/3 qismidan ko‘prog‘i ularning ulushiga to‘g‘ri keladi.

«Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining o‘sishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi», — deyiladi tahlilda.

Bu soliq siyosati (hech bo‘lmaganda QQS bo‘yicha) ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va uning eksport salohiyatini oshirish uchun hali samarali rag‘batlar yaratmayotganidan dalolat beradi.

QQSning mazmuni va qo‘llanilishi mantig‘i shundan iboratki, mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha texnologik zanjirning boshida bo‘lgan tarmoqlar yakuniy iste’molchiga yo‘naltirilgan tarmoqlarga nisbatan kamroq QQS bosimiga uchraydi, chunki ularda odatda soliqqa tortish bazasi kichikroq, shuningdek QQSning bir qismini undirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘proq bo‘ladi.

QQS hisoblangan (real) stavkasining standart stavkaga nisbatan foizdagi miqdori va yakuniy mahsulotning ishlab chiqarishdagi ulushi. Manba: PMTI.

QQS tovar va xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli, standart stavkaning, masalan, 15% dan 12% gacha kamayishi, iqtisodiyotning real sektoridagi umumiy narxlar darajasini pasaytiradi (xarajat deflyatsiyasi).

Hisob-kitob natijalari shuni ko‘rsatdiki, QQS stavkasini pasaytirishning o‘zi iqtisodiyot uchun kam ta’sir ko‘rsatadi. Umumiy narxlar indeksining 0,81% bandga pasayishi soliq tushumlari bo‘yicha yo‘qotishlarni (QQS tushumlarining 20%ga yoki barcha soliq tushumlarining 4,7%ga kamayishi (budjetdan tashqari jamg‘armalarni hisobga olmaganda) teng miqdorda kompensatsiya qilishi ehtimoldan yiroq, deyiladi tahlilda.

Real va standart stavkalar o‘rtasidagi tafovutni (100% — 24% = 76%) kamaytirishga, shuningdek, real (hisoblangan) stavkalarning tarmoqlararo o‘rtacha ko‘rsatkichi (24%), standart og‘ish 22,8% atrofida tarqalishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nisbatan istiqbolli bo‘lishi mumkin. Bu esa QQS bo‘yicha standart stavkasi
pasaygan taqdirda ham soliq tushumlarining o‘sishini ta’minlaydi.

Ushbu chora-tadbirlar nimadan iborat bo‘lishi kerakligini aniqlash ushbu tadqiqotning maqsadi bo‘lib hisoblanmaydi. Shu bilan birga, Xitoy tajribasini o‘rganish foydalidir. Xitoyda QQS ning standart stavkasi 13% ni tashkil qiladi. QQS stavkalari pasaytirilgan — 9% (chakana savdo, ko‘ngilochar, mehmonxona biznesi, umumiy
ovqatlanish, qurilish, transport, pochta va logistika xizmatlari) va 6% li stavkalar amal qiladi (moliyaviy sektor va sug‘urta, axborot texnologiyalari va konsalting).

«O‘zbekistonda ham asossiz soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda QQSning tabaqalashtirilgan stavkalari joriy etilishi mumkin. Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qanchalik yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shunchalik past bo‘lsa bo‘lishi kerak. Bu korxonalarga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi», — deya qayd etdi ekspertlar.

Avgust oyi oxirida prezident pandemiya va jahondagi vaziyatga ro‘kach qilib, unga QQSni keyinga qoldirishni taklif qilishganini ta’kidlagandi.«Biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq esa Moliya vaziri o‘rinbosari QQS bo‘yicha imtiyozlar berish «hech qanday» ta’sir bermaganini va ularning muddati cho‘zilishi iqtisodiyotga faqat zarar olib kelishini qayd etgandi.