Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning mart oyida O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan nutqidan so‘ng O‘zbekistonda iqtisodiy muammolar paydo bo‘la boshladi. Bu haqda «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.

«Abdulaziz Kamilovning o‘sha chiqishi O‘zbekistonning eng dadil chiqishi edi. Biroq o‘sha chiqishdan keyin biz uchun 1 hafta iqtisodiy buhron boshlandi. Bilasizmi, O‘zbekistonning shimol tomondan okeanga ochilish yo‘nalishi 1 haftaga maxsus falajlantirildi. Mana shu haqda gapirish kerak», — dedi u Kun.uz bilan suhbatda.

Iqtisodiy qaramlik haqida gapirar ekan, O‘zbekiston geografik joylashuvi sababli ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston bugun shunday joylashganki, eksport qilmasa, ya’ni jahon bozoriga chiqmasa, rivojlanish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Men buni shu paytgacha ataylab qilingan deb hisoblayman. Ya’ni Afg‘onistondagi notinchlik, bizning Afg‘oniston koridoridan foydalana olmayotganimiz maxsus, sun’iy tashkil qilinayotgan bir masala, konflikt deb hisoblayman», — dedi u.

Deputatning fikricha, O‘zbekistonning haligacha Afg‘oniston koridorini ocholmayapti. «Eronning Chobahor portidan ma’lum vaqt foydalandik va oxirgi krizislardan keyin bu masala ham yopildi».

«Mana shu koridorlar ochilmayapti. Bu koridorlar ochilmasligi va shimoliy oqimga zarurat muntazam ushlab turilishini kim va nima uchun tashkil qilyapti deb o‘ylaysiz? Mana shu jarayonni boshqarayotganlar sizning tashqi axborot resurslari bilan bemalol tez-tez fikrlaringiz o‘zgarib ketishidan manfaatdor emas», — dedi u.

«Xo‘sh, siz o‘z ishlaringizni bemalol amalga oshira olaman deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bo‘lmayapti. Shuning uchun men yuqoridagi gapni aytdim, rivojlanish — to‘siqlarning ustidan o‘tish degani. Bizda esa bu to‘siqlar juda katta, og‘ir. Bu to‘siqlardan o‘zimiz o‘tmasak, boshqa birov o‘tkazib qo‘ymaydi. Bu juda og‘ir», — degan Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari.

Abdulaziz Kamilov 17 mart kuni Senat yig‘ilishida O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakat Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmasligini ta’kidladi.

Oradan 12 kun o‘tib, Kamilov «surunkali xastaligi sababli Toshkentda davolangani», keyin esa «chet elda davolangani» ma’lum bo‘ldi.

27 aprel kuni diplomat 12 yil davomida egallab kelgan lavozimidan ozod etildi. Keyin u Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, keyinroq esa bir vaqtning o‘zida Davlat rahbarining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi.