AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda o‘tgan bir yarim yil davomida sil kasalligini davolash uchun oltita dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashdi.

USAIDning texnik yordami bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ning dori-darmonlarni tezlashtirilgan ro‘yxatga olish tartibini (CRP-kooperativ ro‘yxatga olish tartibi) qabul qildi, bu O‘zbekistonda ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar uchun yangi dori-darmonlardan tez va xavfsiz foydalanishni ta’minlaydi.

2021 yilda USAIDning texnik yordami natijasida silni davolash uchun JSST dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan ikki dori — sikloserin va protionamid O‘zbekistonda CRP orqali ro‘yxatdan o‘tgan birinchi dorilar bo‘ldi. Mamlakatda ko‘p dorilarga chidamli sil bilan kasallanish darajasi ko‘rsatkichi dunyoda eng yuqori o‘rinlardan biri sanalgani sababli ushbu ikki preparatning ro‘yxatdan o‘tishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Sikloserin va protionamid tuberkulyozni davolash uchun ikkinchi qator dorilari sarasiga kirib, silga qarshi standart dorilar natija bermaydigan bemorlarda qo‘llaniladi.

2022 yilda silga qarshi yana to‘rtta dori ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bular rifampitsin, izonazid, pirazinamid va etambutol gidroxlorididir. Hozirda silga qarshi JSSTning dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan yana yettita dori ro‘yxatdan o‘tish jarayonida.

Bular ko‘p komponentli Rifampin va Izonazid 150 mg /75 mg, Rifampin va Izonazid suvda eruvchan tabletka shakli 75 mg/50 mg, Izonazid, Rifampin, Rifampitsin. Izoniazid. Pirazinamid va etambutol gidroxlorid USP 150mg/75mg/400mg/275 mg va etambutol BP 400 mg.

«USAID O‘zbekiston hukumatining silga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanadi. O‘zbekistonda silga qarshi dorilarni ro‘yxatga olishni tezlashtirish sog‘liqni saqlash tizimining boshqa sohalariga ham foyda keltiradi va xavfsiz va samarali dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi», — dedi USAIDning O‘zbekistondagi Sog‘liqni saqlash idorasi direktori Cherri Gumapas.

JSSTning dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi mamlakatda JSST ma’qullagan mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni va bemorlar hamda shifokorlarning kafolatlangan sifatli dori-darmonlarni qo‘llashini tezlashtiradi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan dorilar, ro‘yxatdan o‘tmagan farmatsevtika preparatlaridan farqli ravishda 15 foiz QQSdan ozod etiladi.