Surxondaryoning Sherobod tumanida birinchi respublika anor festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi tadbir tashkilotchilari «Gazeta.uz»ga.

Festival dasturidan anorzorlarga ekskursiyalar, mahsulotlar ko‘rgazmalari, degustatsiyalar, eng yirik meva va eng yaxshi sharbat ishlab chiqaruvchisini tanlash, anorni qayta ishlash zavodiga tashrif, shuningdek, seminarlar, o‘yinlar va tanlovlar o‘rin oldi.

Festival mehmonlari sifatida Ozarbayjon, Turkiya, Koreya, Xitoy, Tojikiston, Afg‘oniston va Erondan kelgan anor yetishtiruvchilar ishtirok etishdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston soha rivojini rag‘batlantirish va anor yetishtiruvchilar malakasini oshirishdan iborat.

«Hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olsak, anorchilik Surxondaryo viloyati meva-sabzavotchilik tarmog‘ining „o‘sish“ nuqtalaridan biri hisoblanadi, Sherobod tumanining o‘zida 5 ming nafardan ortiq aholi anorchilik bilan shug‘ullanadi. U yerda yiliga 30 ming tonnadan ortiq anor yetishtiriladi», — dedi festival hamkorlaridan biri Annexure Financial Solutions kompaniyasi matbuot kotibi Mirvohid Mirkomilov «Gazeta.uz»ga.

Yakunda hakamlar hay’ati quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqladi:

  • «Eng mazali anor navi» — Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi «Quva anori» ixtisoslashtirilgan klasteri;
  • «Eng chiroyli anor tozalash» — Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani «Tridors» korxonasi;
  • «Eng mazali anor sharbati» — Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Tashnob Agrlogistika» korxonasi.

Bu yil eng yirik anorni Surxondaryoning Sherobod tumanidan Muhiddin Abdurahmonov yetishtirdi. U yetishtirgan 1580 gramm og‘irlikdagi meva gandbol to‘pidan biroz kichikroq bo‘lib chiqdi.

Festival O‘zbekiston anor yetishtiruvchilar uyushmasi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligini strategik rivojlantirish va tadqiqotlar xalqaro markazi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.