Oliy Majlis Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi 7 oktabr kuni chaqiriladi. Bu haqdagi qaror 4 oktabr kuni Senat Kengashining navbatdagi majlisida qabul qilindi.

Yalpida yangi tahrirdagi «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, «Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi va «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.

Cyenatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ustida ham bosh qotiradi.

Shuningdek, yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinishi rejada bor.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Senat Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.