O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahridagi Shandor saroyida Vengriya prezidenti Katalin Novak bilan uchrashdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezidentlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalarini mhokama qildi.

Ikki tomonlama hamkorlik aloqalar kengayyotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi va 3 oktabr kuni Budapeshtda ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazgan O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi muhim o‘rin tutmoqda, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilganini tomonlar o‘zaro savdoni salmoqli darajada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishi bilan baholadi.

Bundan tashqari, Vengriya hukumati «Xungarikum» dasturi doirasida o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar uchun har yili ajratiladigan kvotani 170 tagacha oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani aytildi.

O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Vengriya prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.