«O‘zkimyosanoat» kompaniyasi seshanba tonggida Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi «Maxam Chirchiq» zavodida yuz bergan portlash oqibatida ishchi xodimlar va korxonaning boshqa ishlab chiqarish maydonlari hamda aholi yashash punktlariga zarar yetmaganini ma’lum qildi.

«Shu bilan birga atrof-muhitga zararli gazlar tarqalmagan. Bu boyicha barcha xavfsizlik choralari oz vaqtida ko‘rilgan», — deyiladi xabarda.

Portlash taxminan seshanba kuni taxminan soat 8:30 larda sodir bo‘ldi. Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, «qisqa portlash» Ammiak-1 ishlab chiqarish sexidaning sintez bo‘linmasida yuzaga kelgan. Natijada sexning sintez kalonnasida yong‘in kelib chiqqan (avvalroq Toshkent viloyati hokimligi yong‘in oqibatida portlash bo‘lganini ta’kidlagandi).


Voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari — energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi komissiya a’zolari zudlik bilan yetib bordi. Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati hokimligi qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda «Maxam Chirchiq» AJda vujudga kelgan yong‘in to‘liq bartaraf etildi. Holat tufayli zavodning 2 nafar xodimi jarohatlangan. Ular ayni paytda Chirchiq shahridagi shifoxonada muolaja olishmoqda.