Navoiy viloyati Karmana tumani kasb-hunar maktabining faollar zalida bayramga tayyorgarlik jarayonida voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning raqsga tushgani videosi tarqalgandi. Shundan so‘ng, ularning ota-onasi «o‘zbek millatiga munosib bo‘lmagan» raqsi uchun jarimaga tortildi. Viloyat adliya boshqarmasi esa qo‘llanilgan ushbu jarimani bekor qildi.

Boshqarma videodagi xatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi «ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi» deb noto‘g‘ri huquqiy kvalifikatsiya qilingani, ya’ni mazkur holatda ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emasligini ma’lum qildi.

«Voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning raqs uslublari O‘zbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan ma’naviy qadriyatlarga to‘la mos kelmasligi mumkin, lekin insonlarning axloqiy o‘lchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan noto‘g‘ri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim. Qaysi harakat yoki harakatsizlik uchun javobgarlik kelib chiqishi, qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan. Shu asosga ko‘ra, qo‘llanilgan jarima bekor qilindi», — deyiladi xabarda.

«Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida» qonuniga asosan,

  • bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi (4-modda);
  • har bir bola erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega (10-modda).

Xalqaro huquq normalariga to‘la mos keluvchi ushbu qonunda belgilangan kafolatlar har bir bola uchun maktab hududi bo‘ladimi, shaxsiy uy-joy bo‘ladimi, har qanday holatda ta’minlanishi shart, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ota-onalarning bayon etishiga ko‘ra, lavha rasmiy manbalar va markaziy telekanallar orqali yoritilish jarayonida maktab o‘quvchilari hamda ota-onalar intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan. Oqibatda, voyaga yetmagan bolalar o‘z tengdoshlari, maktab ma’muriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan.

Ushbu nomaqbul harakatlar voyaga yetmaganlarning sog‘ligi va salomatligiga, ruhiy barqarorligiga o‘ta jiddiy ta’sir qilgan hamda ularning sha’ni va qadr-qimmati tahqirlanishiga olib kelgan. Eng asosiysi, voyaga yetmaganlarga nisbatan bunday harakatlar noqonuniydir.

Yuqoridagi qonunga asosan, bola fikrlash erkinligi huquqiga ega (17-modda), inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi (16-modda).

«Shuningdek, mazkur masalada ba’zi bir ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar hamda televideniye orqali berilgan intervyularda maktab ma’muriyati rahbari va ayrim o‘qituvchilariga nisbatan „hayfsan“ va „jarima“ intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi va ular egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi bayon etilgan. Ushbu holat ham adliya organlari tomonidan o‘rganilganda, maktabning hech bir xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi munosabatda.

Shu o‘rinda adliya organlari tarbiya va axloq, ma’naviy qadriyatlarga mos ravishda kelajak avlodni tarbiyalash, shubhasiz, jamiyatning muhim bo‘g‘ini ekanligini to‘liq e’tirof etadi. Shu bilan birga, axloqiy masalalarni hal etishda huquq normalarining asossiz qo‘llanilishi va bu orqali shaxslarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga daxl etish mumkin emasligini eslatib o‘tadi.