30 sentabr kuni tongda Rossiya Ukrainaning Zaporoje viloyatida tinch aholi kolonnasi tomon 16 ta raketa uchirdi, deya yozmoqda Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko.

To‘rtta raketa Ukrainaning egallab olingan hududiga chiqish-kirish uchun transport vositalari va fuqarolarning to‘planish nuqtasiga kelib tushdi. Oqibatda 23 kishi halok bo‘ldi, 28 kishi yaralandi.

«Bu yerda o‘z qarindoshlarini kuzatib kelayotgan tinch aholi vakillari bor edi. Hech qanday harbiy texnika yo‘q edi», — deb ta’kidladi Kirilo Timoshenko.

«Odamlar vaqtincha egallab olingan hududdan qarindoshlarini olib chiqib ketish, yordam ko‘rsatishga navbatda turgandi. Ular bizning vatandoshlarimizni olib, Ukrainaning bo‘sh qismiga olib borishlari kerak edi», — deb tushuntirdi Zaporoje viloyati ma’muriyati rahbari Aleksandr Starux.

U 1 oktabrni Zaporoje shahri va Zaporoje viloyatida motam kuni deb e’lon qildi.

Rossiya tomonidan bosib olingan hududidagi Zaporoje harbiy-fuqarolik ma’muriyati bosh kengashi a’zosi Vladimir Rogov esa zarba berishda Ukraina qurolli kuchlarini aybladi.

«Ayni damda 23 nafar halok bo‘lgan va 34 nafar yarador zaporojeliklar borligi ma’lum. Voqea Orexovskoye shossesidagi avtomobil bozorida sodir bo‘ldi, u yerdan mintaqaga jo‘nab ketish uchun karvon tashkil qilingandi», — deya uning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.

Vladimir Rogov, shuningdek, ikki kun avval Zaporoje viloyati aholisi avtomobil yo‘lini to‘sgani va ularga Kiyev rejimi nazorati ostidagi hududni tark etish imkoniyatini berishni talab qilib, miting o‘tkazganini aytdi. Norozilik aksiyasidan so‘ng, Ukraina xavfsizlik xizmati va politsiya vakillari kelgani va ular «ochiq-oydin tahdid qila boshlaganini, zaporojeliklar bu ishlaridan hali juda afsuslanishlarini aytishganini» qayd etdi.