O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi vaqtlarda fuqarolardan Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha ayrim masalalarga oydinlik kiritish maqsadida murojaatlar ko‘payganligi munosabati bilan axborot berdi.

«O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, TIV O‘zbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdori ekanligini bildirdi.

Vazirlik O‘zbekiston hududiga kelayotgan Rossiya fuqarolari sonining ko‘payishiga ham izoh berdi.

«Ularning mamlakatimizda bo‘lish masalasi, shuningdek, ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinishini qayd etamiz», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, TIVning qayd etishicha, huquqbuzarlik sodir qilmagan xorijiy davlat fuqarolari majburiy deportatsiya qilib yuborilmaydi.