30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan Ukrainaning Zaporoje va Xerson viloyatlarining Rossiya tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi."

"Ishonchim komilki, Federal Majlis Rossiya Federatsiyasining to‘rtta yangi subyektini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi", — dedi u ochilish nutqida.

Mahalliy markaziy saylov komissiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shilish to‘g‘risida qaror Rossiya nazoratidagi hududlarda 23−27 sentabr kunlari o‘tkazilgan referendumlar natijasida qabul qilingan.

«Biz Kiyev rejimini zudlik bilan o‘t ochishni va 2014 yilda boshlagan urushni to‘xtatishga, muzokaralar stoliga qaytishga chaqiramiz. Biz bunga tayyormiz», — dedi Vladimir Putin. Shu bilan birga, u muzokaralarda Ukrainaning Rossiya nazoratidagi hududlari maqomi muhokama qilinmasligini ta’kidladi.

«Kiyev ma’murlari va ularning G‘arbdagi haqiqiy xo‘jayinlari meni eshitishlarini istayman. Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojedagilar bizning fuqarolarimizga aylanadi. Abadiy. Xalq o‘z tanlovini qildi, Rossiya ularga xiyonat qilmaydi. Biz yurtimizni har tomonlama himoya qilamiz», — dedi u.

Vladimir Putin, shuningdek, Rossiya DXR, LXR, Zaporoje va Xerson viloyati xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.