O‘zgidromet sentabr oyidagi ob-havo sharhi va oktabr uchun taxminiy prognozlarni e’lon qildi. Sinoptiklarning ta’kidlashicha, bu yil oktabr oyining birinchi besh kunligi quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi. Kunduz kunlari quyosh nurlari havoni +22…+25 darajagacha isitadi.

Faqat kechasi va ertalab havo harorati +10…+13 darajagacha ancha salqin bo‘ladi. Keyinchalik oyning birinchi o‘n kunligi oxirigacha ob-havo sharoitida keskin o‘zgarishlar kutilmaydi.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda hududning katta qismida harorat kechalari +8…+13 darajadan 0…+5 daraja iliqgacha, kunduz kunlari +18…+23 darajadan +10…+15 daraja iliqgacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Kechasi va ertalab ba’zi joylarda 0…+1 darajagacha sovuq tushishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida asosan yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman, harorat tartibiga ko‘ra, oktabr oyi me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1…1,5 darajaga kam, yog‘ingarchilik me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan ko‘p bo‘lishi prognoz qilinyapti.

Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida yog‘ingarchilik oktabr oyida 3 kundan 5 kungacha, qolgan hududlarda esa 5 kundan 7 kungacha bo‘lishi mumkin. Bu oyda yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, ammo havoga keskin sovuq kuzatilishi sabab yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoli ham bor.

Tungi havo haroratining o‘rtacha yillik qiymati +6…+11 darajani tashkil etadi, lekin ko‘pincha oktabrda, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi. Kunduzgi harorat esa odatda +23…+28 darajadan +10…+15 darajagacha o‘zgarib turadi. Ba’zida haroratning yoki yog‘ingarchilikning haqiqiy qiymatlari ko‘p yillik davr qiymatlaridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.

Masalan, Toshkentda ayrim yillarda oktabr oyida maksimal havo harorati +33…+36 darajaga yetgan. Bu oydagi haroratning mutlaq maksimumi (1941 yilda) +37,5 daraja bo‘lgan.

Eng minimal haroratning rekordi esa -11,2 darajagacha yetgan. Ammo bu juda uzoq vaqt oldin, o‘tgan asrning boshlarida kuzatilgan holat edi. Oxirgi 20 yil ichida Toshkentda minimal harorat +1…+2 daraja sovuqdan pastga tushmadi.

2015 yilning oktabr oyida Toshkentda yog‘ingarchilikning bir oylik me’yoridan 3,5 barobari, yani 1 kunda bir oylik me’yor (deyarli 25 mm) yog‘gan. Bu so‘nggi 20 yil ichida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lgan oktabr deb hisoblanadi.

Kamdan-kam hollarda bu oyda Toshkentda umuman yog‘ingarchilik kuzatilmagan. Oxirgi marta bunday holat 2020 yilning oktabr oyida kuzatilgan.