Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi komissiyasi poytaxtning Kichik halqa avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 km/soatgacha cheklash masalasini Kengashning navbatdagi sessiyasiga kiritishni ko‘zlayapti. Bu haqda poytaxt kengashi xabar berdi.

Poytaxt maraziy ko‘chalari — Alisher Navoiy, Mahtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat ko‘chalarining bir qismi va Amir Temur xiyobonida esa 50 km/soatgacha tushirish reja qilingan.

Biz 16 sentabr kuni shahar kengashi yig‘ilishida deputatlar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 6 ta markaziy ko‘chada tezlikni soatiga 60 km/soatga cheklashga oid taklifini tanqid qilgani haqida yozgandik. «Gazeta.uz» aniqlashicha, deputatlar ko‘rib chiqishi uchun 40 ta ko‘chaning ro‘yxati kiritish rejalashtirilgan bo‘lgan, biroq u Amir Temur, Farg‘ona yo‘li, Shota Rustaveli, Yangi Sergeli, Bobur va Bunyodkor ko‘chalarigacha qisqartirilgan.

Ayrim deputatlar tezlikni pasaytirish tashabbusiga ochiqchasiga qarshi chiqishdi. Kengash bu masalani qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladi, deb hisobladi va uni ko‘rib chiqishni keyingi sessiyaga qoldirdi. Jamoatchilik ushbu masala va jahon tajribasini bilmasligini namoyish etgan ayrim deputatlarning chiqishlarini keskin tanqid qildi.

Mazkur sessiyadan so‘ng kengash komissiyasi a’zolari IIBB va boshqa tashkilotlar ekspertlari bilan birgalikda poytaxt ko‘chalarida tadqiqot o‘tkazdilar. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, komissiya va IIBB Kichik halqa yo‘li ichidagi barcha ko‘chalarda ruxsat etilgan tezlikni soatiga 60 km/soatgacha kamaytirishni maqsadga muvofiq deb topdilar.

Bundan tashqari, «ba’zi ko‘chalarda harakat xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport holdisalarining oldini olish va kamaytirish, shuningdek, harakat ishtirokchilari uchun yetarli darajada qulay sharoitlar yaratish maqsadida trasport vositalarining harakat tezligini soatiga 50 km.gacha cheklash maqsadga muvofiq deb hisoblandi», deyiladi kengash xabarida.

Doimiy komissiyada mazkur masalani xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish ma’qullandi.