28 sentabrda hukumatning «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [540-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 1 noyabrdan 1 iyulgacha Sirdaryoda nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun arizalarni DXM orqali qabul qilish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Qarorda bu bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Qolaversa, endilikda ariza berayotgan nikohlanuvchilar yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘inini xabardor qilishi shart emas.

Shuningdek, tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 1 yanvardan Toshkent shahrida, 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.

Tibbiyot muassasalari tug‘ilganlik holati FHDYO bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kod tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beradi. U tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi. Ma’lumotnomani davlat organlari va tashkilotlari rad etmay, qabul qiladi.