Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev seshanba kuni Turkiston viloyatiga tashrifi chog‘ida nega prezident vakolatlarini bir marta yetti yillik muddat bilan cheklashga qaror qilingani haqidagi savolga javob berdi.

«Mintaqamizning hech bir davlatida bunday o‘zgarishlar bo‘lmagan. Shunday ekan, bu islohot demokratiya sari dadil qadam, deb bilaman. Muayyan xavf-xatarlarga qaramay, bu qaror xalqimizning yorug‘ kelajagi yo‘lida zarurligiga to‘liq ishonaman», — dedi u.

«Islohotlar nima uchun amalga oshirilmoqda, degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, prezidentlik lavozimini bir kishi uzoq muddat egallamasligi kerak. Dunyodami, bizdami, agar faqat bir kishi uzoq yillar davomida eng yuqori lavozimni egallab kelayotgan bo‘lsa, bunday vaziyat mamlakatni ham, uning rahbarini ham hurmatli qilmaydi», — deya ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti.

«Biz kelajakka ishonch bilan qarashimiz, halol va iqtidorli siyosatchilarga yo‘l ochishimiz kerak. Umuman olganda, odamlar siyosiy tizimni o‘zgartirish bo‘yicha rejamizning mohiyatini tushunib yetdi. Bu ishlarni davom ettirish uchun yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq ishonch mandati zarur. Shu bois navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari joriy yilning 20 noyabriga belgilandi», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Chimkent shahri jamoatchiligi bilan uchrashuvda u Qozog‘iston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Xalqaro maydondagi sa’y-harakatlarimiz markazida Qozog‘iston va xalqimiz manfaatlari turibdi. Biz xalqaro huquq va BMT Nizomining ustunligi uchun kurashamiz. Biz xalqaro munosabatlarda adolat, ichki ishlarga aralashmaslik, davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillarini mustahkamlashni o‘ta muhim deb bilamiz», — dedi Qozog‘iston rahbari.

«Tashqi siyosatimiz bundan keyin ham mutanosib, ko‘p yo‘nalishli va konstruktiv bo‘lib qoladi. Qozog‘iston Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatlarini, Xitoy bilan abadiy strategik sheriklikni, AQSh bilan strategik sheriklikni, Markaziy Osiyoning qardosh davlatlari, xususan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va, albatta, Turkiya bilan shuningdek dunyoning barcha manfaatdor davlatlari, xoh Osiyo, xoh Yaqin Sharq yoki Yevropa qit’asida bo‘lsin har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshiradi. Ishonchim komilki, bunday tashqi siyosat xalqimiz manfaatlariga mos keladi», — dedi u.