«Buxoro neft bazasi» tashkilotining 7 nafar mansabdor shaxslari va «Sity Kemping Bukhara» MCHJ sobiq rahbari va ta’sischisi davlat mulkini tolon-toroj qilgani aytilmoqda. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Buxoro neft bazasi» MCHJ sobiq bosh hisobchisi G‘olib Komilov hamda boshqa mansabdor va moddiy javobgar shaxslar o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan. Ular hujjatlarni qalbakilashtirib, jamiyatning 8,5 mlrd so‘mlik juda ko‘p miqdordagi neft mahsulotlarini o‘zlashtirib, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Sobiq bosh hisobchi neft maxsulotlari uchun to‘lov qilingani haqida ichki elektron dasturga soxta ma’lumot kiritgan. Jinoiy sherigi To‘lqin Murodov rahbarligida ochilgan «Sity Kemping Bukhara» MCHJ va boshqa korxonalarga neft maxsulotlarini oldindan to‘lovlarsiz berib yuborgan. Shuningdek, baza hisob raqamidan moliyaviy yordam sifatida pul mablag‘larini ko‘chirib olgan. Bu bilan ular davlatning 3,3 mlrd so‘mlik mulkini talon-toroj qilgan va o‘zlarining shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, «Sity Kemping Bukhara» MCHJ dastlab To‘lqin Murodov va G‘olib Komilov ta’sischiligida tashkil qilingan, keyinchalik, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar jamiyatning ulushlari A.To‘ymurodovga (B.Atamuradovning o‘g‘li) va To‘lqin Murodovning turmush o‘rtog‘iga o‘tkazilgan, u esa opasiga o‘tkazgan.

G‘olib Komilov va To‘lqin Murodovga davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani uchun sudning ajrimiga asosan «qamoqqa olish tarzidagi» ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ayblanuvchilardan yetkazgan zararining 5,3 mlrd so‘mi undirildi, 4 mlrd so‘mlik mol-mulklari, shu jumladan «Sity Kemping Bukhara» MCHJ nomidagi mulklari xatlandi.

Tergov natijasida, «Buxoro neft bazasi» MCHJning 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi. Hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi. To‘lqin Murodov tergov organidan yashiringanligi sababli jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituvga ajratildi.

U IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 10 sentabrda Toshkent shahrida ushlanib, tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Hozirda, jinoyat ishining u va boshqalarga oid qismi bo‘yicha tergov harakatlari ketyapti.

Yil boshida «Buxoro neft bazasi» MCHJda muttasadilari xususiy AYOQSHlarga jami 2,6 mlrd so‘mlik neft mahsulotlarini to‘lovsiz yetkazib berib, debitor qarzdorlikni yashirib kelgani aytilgandi. Shuningdek, MCHJ qurilish korxonalariga 298,1 mln so‘m pulni asossiz ravishda to‘lab bergan. Xodimlarga esa 31,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha ish xaqi va mukofot pullari berilgan.

Fevral o‘rtalariga kelib, «O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilgan tekshiruvlarda «Buxoro neft bazasi»da 22 mlrd 58 mln so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlangandi. Holatlarning asosiy qismi bazaning sobiq bosh hisobchisi ishtirokida amalga oshirilgani aytilmoqda. Shuningdek, neft bazasida 5,5 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh-urug‘chilik va 3,4 mlrd so‘mlik talon-taroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.